O`zbekiston Milliy terma jamoasi sardori Server Jeparov "Interfutbol" gazetasi muxbiri bilan bo`lgan suhbatda "Osiyo chempioni bo`lish fursati etdi. Negadir, men shunga ishonyapman. Ilojsiz narsaning o`zi yo`q" deya ta`kidladi.
Quyida ushbu suhbatni Sizing e`tiboringizga havola qilamiz.
- Server, bugungi (suhbat 14 oktyabr kuni uyushtirilgan, - mual.) o`yinga to`xtalishdan avval BAAda tashkil etilgan yig`in haqida fikringizni bilmoqchi edik.
- Hammasi ajoyib tarzda o`tdi. Ma`lum tanaffusdan so`ng terma jamoadagi do`stlarimiz bilan yana bir joyda jam bo`ldik. Lekin BAAdagi issiq havo to`laqonli ishlashimiz, bor imkoniyatlarimizni namoyish etishga biroz to`sqinlik qildi. Namlik juda yuqori. O`zga ilojimiz ham yo`q. Keyin bu biz uchun yangilik ham emas.
- Bahrayn bilan o`tkazilgan o`yin haqida qanday fikrdasiz?
- Raqibimizga nisbatan ancha yaxshi o`ynadik. Shunga yarasha ko`plab xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdik. Lekin hujumlarni golga aylantira olmadik. Albatta, o`sha o`yinda bir-birimizni tushunib harakat qilishimiz biroz pand berib qo`ydi. O`yin amaliyoti ham bu erda muhim rol o`ynaydi. Ammo umumiy olganda, o`sha kuni ko`rsatgan o`yinimizni ijobiy deya baholash mumkin. Bu mening shaxsiy fikrim. Kimdir unga qo`shilmas. Har doim ham o`ylagan rejalar amalga oshavermaydi. Kuchli jamoalar ham hamisha gol urib, g`alaba qozonaverishmaydi. Masalan, kuni kecha Evro-2016 doirasida Gollandiya terma jamoasi Islandiyaga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo`ydi. Bunday natijani hech kim kutmagandi. Nazarimda, Islandiyaning o`zi ham. Biz-ku o`rtoqlik uchrashuvida nursiz durang qayd etdik. Yangi Zelandiya bilan bo`lgan o`yinni eslang. O`shanda qulay vaziyatlardan unumli foydalangandik. Istardimki, rasmiy bahslarda ham shunday sermahsullikni ko`rsataylik.
- Lekin hozirgi tarkib bir-biri bilan bir necha yildan beri o`ynab kelyapti-ku!
- To`g`ri. Biroq tarkibga yosh futbolchilar ham qo`shilishayotganini ham unutmaslik kerak. Ularning terma jamoa o`yin uslubiga to`laqonli qo`shilib ketishlari uchun vaqt kerak bo`ladi.
- Yoshlarning o`yinlari qanday taassurot qoldirdi?
- Yaxshi. Eng muhimi, ularda ishonch bor va o`zlari uchun taqdim etilayotgan imkoniyatdan maksimal darajada foydalanib qolishlari lozim. Har doim ham bunday imkoniyat yuzaga kelmasligi mumkin.
- Hujumda baribir muammolar saqlanib qolyapti. Bu fikrga qo`shilasizmi?
- Murabbiylar bor imkoniyatdan foydalanishyapti. Shunday ekan, hozir mavjud bo`lgan hujumchilar bilan ishlash kerak. Terma jamoaga chaqirilyaptimi, demak, u shunga munosib. Lekin munosib ekanligi, murabbiylar ishonchini oqlash boshqa masala.
- Ayni paytda terma jamoamiz to`g`ri yo`ldan ketyaptimi?
- Bu savolga javob bera olmayman. Murabbiylar terma jamoa muvaffaqiyati uchun harakat qilishyapti. Ularni qo`llab-quvvatlashimiz kerak.
- Yanvar oyida Avstraliyada bo`lib o`tadigan Osiyo kubogidan qanday ishtirok va natija kutyapsiz?
- Eng yuqori natijani. Osiyo chempioni bo`lish fursati etdi. Negadir, men shunga ishonyapman. Ilojsiz narsaning o`zi yo`q. Hammasi niyatga va harakatga bog`liq.
- Lekin Osiyoda futbol tez rivojlanib borayotganini ham unutmaslik kerak...
- Fikringizga qo`shilaman. Bizda kuchli tarkib shakllangan. Terma jamoamizni Osiyodagi raqib jamoalar hurmat qilishadi va kerak bo`lsa, qo`rqishadi ham.
- Ta`bir joiz bo`lsa, sizning ikkinchi vataningizga aylangan Janubiy Koreyada bo`lib o`tgan 17-Osiyo o`yinlarida qatnashgan terma jamoamizning omadsiz ishtiroki haqida nima deysiz?
- Mening bitta Vatanim bor - O`zbekiston! Koreyada bir necha mavsumdan beri o`ynayapman. To`g`ri, siz aynan shuni nazarda tutdingiz. Koreyada futbolchilar harbiy xizmatdan ozod qilinadi. Afsus, Osiyo o`yinlari biz uchun juda erta yakunlandi. Tayyor g`alabani raqibga berib qo`ydik. Shunisi yomon bo`ldi. Barchasi futbolchilarimizning qo`lida edi. Shunday uchrashuvni yutqazganimiz yaxshi bo`lmadi. Bundan 20 yil avval qo`lga kiritilgan natijani takrorlash terma jamoamiz oldiga vazifa sifatida qo`yilgan edi. Tarkib ham kuchli bo`lib, g`olib bo`lish uchun barcha imkoniyatlar etarli bo`lgandi. Futbolda shunaqasi ham bo`lib turadi.
- So`nggi daqiqalarda gol o`tkazib yuboryapmiz. Bu holatni yoshlarimizda ham, o`smirlarimizda ham ko`rish mumkin. Sizningcha, bu kasallikmi?
- Menimcha virus (kuladi).
- Endi bugungi o`yin haqida to`xtalsangiz. Eng muhimi, yirik hisobdagi g`alabaga o`z golingiz bilan hissa qo`shdingiz.
- Nihoyat, chiroyli g`alabani qo`lga kiritdik. Uchrashuvdan-uchrashuvga terma jamoamizning o`yini ochilib boryapti. Bu murabbiylarni ham, futbolchilarni ham xushnud etyapti. Bugun hamma yaxshi o`ynadi.
- Jamoangiz «Seongnam» Koreya K-ligasida 9-o`rinda boryapti. Albatta, bu qoniqarsiz natija. Klub rahbariyati buni qanday qabul qilyapti?
- Jamoamiz oldiga K-ligadagi o`rnimizni saqlab qolish vazifa qilib qo`yilgan.