AsosiyMutolaa

Surat (hikoya)

'Surat (hikoya)'ning rasmi

Dunyoning ishlari doim shoshilinch. Odatdagidek tik turgancha nonushta qilayotgan edim. Onam odatdagidek qistardi:

– O`tirsang-chi, bolam. Birpas o`tirgin.

– Bo`ldi, ketdim.

– Shoshma, bolam. – Onam ko`zimga odatdagidan boshqacha, qandaydir mung bilan termildi. – Gap bor.

Tipirchilab soatga qaradim: hali benzin olish kerak, ishga borish kerak, keyin nashriyotga o`tish...

– Nima edi?

Onam ko`zimga hamon ma`yus termilib o`tirardi.

– Suratga tushaylik, – dedi to`satdan.

Ajablandim.

– Nega?

– Yaqinda men o`laman.

Onam bu gapni xuddi: «Qo`shninikiga chiqib kelaman», degandek ohangda aytdi. Kulib yubordim.

– Qo`ysangiz-chi, oyi.

Shunday dedim-da, chiqdim ketdim.

Oradan ikki hafta o`tdi-yu...

Kechalari uyg`onib ketaman, o`ylayman. O`ylayman: sen nomard, sen ahmoq nimaga, nimaga o`shanda kulding? Suratga tushishga vaqting yo`qmidi? Kerak bo`lsa topasan-ku! Kitob uchun, jurnal uchun, ish ustida, bog`da, ko`chada... Nima, sen kinoyulduzmisan? Jahonshumul shaxsmisan? Ana, bir dasta surating yotibdi. Har xil. Har erda... Faqat... Onang bilan tushgan surating yo`q!

O`tkir Hoshimov

    Boshqa yangiliklar