AsosiyJamiyat

​I Xalqaro investision forum — mahalliy va xorijiy investorlar uchun muloqot, muzokara, kelishuvlar platformasi

'​I Xalqaro investision forum — mahalliy va xorijiy investorlar uchun muloqot, muzokara, kelishuvlar platformasi'ning rasmi

Bugun poytaxtimizdagi “O`zekspomarkaz” milliy ko`rgazmalar majmuida Turizm sohasidagi birinchi Xalqaro investision forum boshlandi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, O`zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari, Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi tomonidantashkil etilayotgan mazkur forumda dunyoning 48 davlatidan 300 dan ziyod qatnashchi, jumladan investorlar, sayyohlik sohasidagi xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari vakillari, ekspertlar, mahalliy va xorijiy kompaniyalar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Xalqaro forumni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning Turizm sohasini jadal rivojlantirish to`g`risidagi farmoni mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirishga keng yo`l ochdi. Xususan, joriy yilning 10 oyi mobaynida xorijiy sayyohlar soni 4,4 million kishini tashkil etdi, bu esa 2017 yilga nisbatan 2 barobar (2,2 million) oshganidan darak beradi. Yil so`ngiga qadar xorijiy sayyohlar soni 5 mln.ga etishi kutilmoqda.

18 mamlakat uchun viza rejimini joriy etish, 50 mamlakatga kirish vizalarini olish uchun soddalashtirilgan tartib, shuningdek, 101 mamlakat uchun tranzit vizalarini joriy qilish O`zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun muhim turtki bo`ldi. E-viza tizimining amal qilishining uch oyligida 49 mamlakat fuqarolariga 19,5 mingga yaqin electron vizalar berildi.

Bugungi kunda hukumat tomonidan 2018 yilning so`ngiga qadar elektron vizani barcha mamlakatlar uchun ochish bo`yicha, shuningdek, xorijdagi kelib chiqishi o`zbekistonlik bo`lganlar uchun “Vatandosh”, mamlakatda ilmiy-tadqiqot va pedagogik faoliyat yuritishni istagan xorijiy fuqarolar uchun “Academic visa”, davolanish maqsadida keladiganlar uchun “Medical visa”, oily ta`lim muassasalarida o`qish uchun keladiganlarga “Student visa” kabi O`zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchi xorijiy fuqarolarning alohida guruhlariga qo`shimcha viza turlarini joriy qilish borasida choralar ko`rilmoqda, - dedi A.Abduhakimov.

Shundan so`ng, Evropa tiklanish va taraqqiyot bankining O`zbekistondagi rahbari Alkis Drakinos, Xalqaro moliya korporasiyasining Markaziy Osiyo bo`yicha rahbari Kassandra Kolbertlar so`zga chiqib, turizmga investisiya kiritish masalalari haqida ma`ruza qildilar. Forumda O`zbekistondagi mehmonxonalar, dam olish maskanlari ma`muriyati o`z taqdimotlarini o`tkazdilar.

O`zbekistondagi birinchi tog`-chang`i kurorti investisiya loyihasining birinchi bosqichi 2018-2019 yilgi qish mavsumida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Kurort Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanida joylashgan. Davlatimiz ko`magi bilan kurortning qurilish ishlari boshlangan. Joriy yilda qurilishning asosiy qismi bajariladi. Bularga zamonaviy osma kanat yo`li, 32 ta yashash uylari, restoranlar kiradi. Shuningdek, qorga ishlov beruvchi zamonaviy texnikalardan foydalanilmoqda, - deydi “Amirsoy” MChJ vakili V.Kim.

Ochilish va taqdimot marosimidan so`ng, Forum ishtirokchilari uch guruhga bo`lingan holda maxsus sessiyalarda qatnashishdi. Sessiyalar “Mehmonxona biznesida investisiyalar: muvaffaqiyat tarixi va yangi istiqbollar”, “Ko`ngilochar va logistika sayyohlik industriyasida investisilar: tematik hamda istirohat bog`lar, etnoshahar, kanat yo`llari, turistik hududlar, havo sharlari va b.”, “Smart-turizmda investisiyalar: sayyohlik sohasiga innovasion smart-texnologiyalar va interaktiv tizimni joriy etish” mavzularida bo`lib o`tdi. Ularda O`zbekistonning barcha hududlaridan turli investisiya loyihalari, xususan, “Chorvoq” erkin turistik zonalari, “Samarqand citi”, “Qadimiy Buxoro”, Surxondaryo viloyatidagi kichik sayyohlik hududlari hamda “Olmazor Citi” kabilar taqdimot qilindi.


Qayd etish joiz, Turizm sohasidagi birinchi Xalqaro investision forum mamlakatimizda birinchi marta o`tkazilmoqda. Hamda Forumni o`tkazish bo`yicha hukumat qarori qabul qilindi. Bu esa O`zbekiston tajribasida hali kuzatilmagan edi.

Forum natijalari bo`yicha investorlar, vazirliklar, idoralar va hokimiyatlar o`rtasida shartnomalar, hamkorlik bitimlari imzolanishi kutilmoqda.

Forum 20-21 noyabr kunlari ham o`z ishini davom ettiradi.

Munisa Alieva tayyorladi

Foto: Sergey Savchuk-Kurbanov

    Boshqa yangiliklar