AsosiyJamiyat

UMSga xalqaro telekommunikasiya tarmoqlariga to`g`ridan-to`g`ri ulanish huquqi berildi

'UMSga xalqaro telekommunikasiya tarmoqlariga to`g`ridan-to`g`ri ulanish huquqi berildi'ning rasmi

Operatorga o`z tijorat ehtiyojlari uchun xalqaro telekommunikasiya tarmoqlariga, shu jumladan, “IP-telefoniya” texnologiyasidan foydalangan holda to`g`ridan-to`g`ri ulanish huquqi berildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 21 noyabrda “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida raqamli infratuzilmani yanada modernizasiya qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.

O`zbekistonda davlat organlari va boshqa tashkilotlarda elektron hujjat almashinuvi hamda jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko`rsatish uchun elektron tijorat tizimlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Sohada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili ba`zi muammo va kamchiliklar ham mavjudligini ko`rsatmoqda. Xususan, markazlashgan ma`lumotlar tizimiga integrasiyani ta`minlaydigan yagona axborot-texnologik platformaning mavjud emasligi natijasida joriy etilayotgan dasturiy hujjatlar tarqoqligicha qolmoqda.

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish sohasida vakolatli organ hisoblanadi. Shuningdek, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sohasidagi, shu jumladan, “blokcheyn” texnologiyalarini joriy etish bilan bog`liq loyihalarni davlat-xususiy sheriklik shartlarida amalga oshirish uchun investorlarning mablag`larini jalb etish va birlashtirish asosiy vazifalaridan biri hisoblangan davlat muassasasi shaklidagi “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tashkil etilgan.

Prezidentimizning mazkur qaroriga muvofiq, “Universal Mobile Systems” MChJ (UMS) ustav kapitalidagi davlat ulushi to`liq “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash jamg`armasiga beg`araz topshiriladi.

Shuningdek, qaror bilan mutasaddi tashkilotlarga 2019-2021 yillarda “Universal Mobile Systems” MChJni rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqish yuklandi.

UMSga o`z tijorat ehtiyojlari uchun xalqaro telekommunikasiya tarmoqlariga, shu jumladan, “IP-telefoniya” texnologiyasidan foydalangan holda to`g`ridan-to`g`ri ulanish huquqi berildi.

    Boshqa yangiliklar