AsosiyJamiyat

​Sayyor sudda Turkiyaga qizlarni yuborishga uringan ayolning qilmishi ko`rib chiqildi

'​Sayyor sudda Turkiyaga qizlarni yuborishga uringan ayolning qilmishi ko`rib chiqildi'ning rasmi

Namangan viloyati, Yangiqo`rg`on shaharchasidagi bolalar va o`smirlar musiqa maktabida jinoyat ishlari bo`yicha viloyat sudi raisi Davlatnazar Kamilov raisligida sayyor sud bo`lib o`tdi. Bu haqda Yangiqo`rg`on tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Unda tumanning Yangiobod mahallasida istiqomat qiluvchi S. Ikramova (ism-shariflar shartli) jinoiy ishi bo`yicha chiqarilgan xususiy ajrim ko`rib chiqildi.

S. Ikramova qidiruvda bo`lgan opasi Sh.Ikramova va shu ish bo`yicha sudlangan M. Soipova bilan oldindan til biriktirib, Norin tumanidan 3, Uchqo`rg`on va Baliqchi tumanlaridan bittadan, jami 5 nafar qizning ishonchiga kirib, ularni Turkiyaning Istanbul shahrida ishlashga yollaydi. Ularga og`ir bo`lmagan ish va mo`may daromad va`da qilinadi. Asl maqsad esa ularni fohishalikka majburlash bo`ladi. Mazkur guruh joriy yil 2-iyun kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali “Toshkent—Istanbul”, undan keyin esa “Olmaota—Istanbul” yo`nalishlari bo`ylab uchib ketishga chog`langan payt viloyat IIB tezkor xodimlari tomonidan qo`lga olindi.

2018-yil 11-sentyabr kuni bo`lib o`tgan jinoyat ishlari bo`yicha viloyat sudining ochiq majlisida mazkur ish ko`rib chiqilib, S.Ikramova 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosiga shartli hukm qilinib, 3 yil sinov muddati belgilandi.

Viloyat sudi raisi D. Kamilov yig`ilish davomida tadbirga to`planganlarni mazkur ish tafsilotlari bilan batafsil tanishtirdi. “Yangiobod” mahallasida yashovchi ayolning odam savdosidek manfur jinoyatga qo`l urishiga hududda ishsiz shaxslarni ish bilan ta`minlash, fuqarolarning huquqiy ongi, madaniyati va savodxonligini oshirish borasida talab darajasida ishlar tashkil etilmagani bilan izohladi. hudud profilaktika inspektori bilan hamkorlikda jinoyatchilikni oldini olish va unga qarshi kurashish bo`yicha profilaktik tadbirlarga etarli e`tibor qaratilmaganini ta`kidlab o`tdi.

Shuningdek, sayyor sud davomida “Qizilyozi” MFYda istiqomat qiluvchi U. Tohirovning jinoiy ishi bo`yicha chiqarilgan xususiy ajrim ham ko`rib chiqildi. Mazkur shaxs narkotiklar savdosiga aloqador bo`lib chiqdi. U “Kobalt” rusumli mashinasida qirg`izistonlik tanishi tomonidan berilgan salkam yarim kilogramm gashish narkotik moddasini Namangan shahriga olib ketayotganda ushlandi va jinoyat ishlari bo`yicha viloyat sudi hukmi bilan 7 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgandi.

— Xususiy ajrimlar chiqarilgan ikki ish ham transmilliy jinoyatlar hisoblanadi. Chunki odam savdosi va narkotiklar oldi-sotdisi bir hudud yoki mamlakat emas, global ko`rinishga ega. Ularning xavflilik darajasi o`ta yuqori ekanligini hisobga olib, joylarda shunday sayyor sudlar tashkil etib, aholini ogohlikka chaqirmoqdamiz. O`ylaymanki, tuman mutasaddilari, huquq-tartibot idoralari ham bundan tegishli xulosa chiqaradi, — deydi D. Kamilov.

Yig`ilish davomidagi muhokamalar chog`ida Musulmonlar idorasi tuman vakilligi xodimi Abdulvosi Murodshoev, tuman otinoyisi Dilbarxon Usmanova, 10-umumta`lim maktabi huquq fani o`qituvchisi Muxlisa Kamalova yig`ilganlarni sayyor sudda ko`rib chiqilgan xususiy ajrimlardan tegishli xulosa chiqarish, yon-atrofda bo`layotgan voqea-hodisalarga befarq qaramaslikka chaqirdi.

    Boshqa yangiliklar