AsosiyJamiyat

IIV YHXB boshlig`i yo`l harakati xavfsizligi qoidalariga kiritilgan o`zgarishlar xususida gapirib berdi

'IIV YHXB boshlig`i yo`l harakati xavfsizligi qoidalariga kiritilgan o`zgarishlar xususida gapirib berdi'ning rasmi

“Yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlarning qabul qilinganligi va jinoiy javobgarlikdan ozod qilish institutining takomillashtirilganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida” O`zbekiston Respublikasining Qonuni kuchga kirdi. Ushbu Qonun, unga kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalar to`g`risida so`zlab berishni O`zbekiston Respublikasi IIV Yo`l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi boshlig`i polkovnik Xolmatjon Ahmedovich Saydalievdan iltimos qildik.

Mamlakatimizning har bir sohasi jadal sur`atlarda rivojlanib bormoqda. Jumladan, asosiy vazifalaridan biri harakat ishtirokchilarining xavfsizligini ta`minlashga yo`naltirilgan Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmatida ham ko`plab o`zgarishlar, soxaga taalluqli yangiliklar joriy etilmoqda. Chunki, mamlakatimizda avtomobillar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bu esa harakatlanish xavfsizligini ta`minlash ishlarini kun tartibidagi asosiy masalalar qatoriga olib chiqmoqda.

Harakat xavfsizligini ta`minlash masalalari davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining ustuvor yo`nalishi bo`lib, ularning hal etilishida davlat hokimiyati organlari, davlat va xo`jalik boshqaruvi idoralari, jamoat tashkilotlari, barcha turdagi yuridik shaxslar va jismoniy shaxslar birdek manfaatdor bo`lishlari hamda ishtirok etishlari zarur.

Shu nuqtai nazardan, mazkur qonun fuqarolarning hayoti, sog`lig`i va mulkini muhofaza qilish, ularning huquqi va qonuniy manfaatlarini ta`minlash hamda davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish, avtomobillarda tashish sifati va xavfsizligini yanada oshirish maqsadida tayyorlangan bo`lib, u harakat xavfsizligini ta`minlash sohasida davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlari va prinsiplarini, shuningdek, harakat xavfsizligini tashkil etish va ta`minlashning zaruriy va maqsadli yo`nalishlarini belgilaydi.

Xabaringiz bor so`nggi yillarda mamlakatimizda bevosita harakat xavfsizligini ta`minlashga yo`naltirilgan bir qator nomativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ular o`zining ijobiy samaralarini bera boshladi. Mazkur qonun esa bu yo`nalishdagi ishlar samaradorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.

Qonun 2018 yil 27 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev raisligida o`tkazilgan videoselektor yig`ilishi bayonnomasi hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 maydagi PQ-3723-son qarori bilan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-prosessual qonunchiligini takomillashtirish Konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqildi. Chunki bu hozirgi kunning talabi edi. Sababi, ichki ishlar organlarining yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash bo`linmalari faoliyatini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tartibi joriy etildi, yo`l-transport hodisalari profilaktikasi tizimi takomillashtirildi, nazoratning yuqori samaradorligini, huquqbuzarliklarni o`z vaqtida aniqlash va ularga chek qo`yish imkoniyatini ta`minlaydigan yo`l harakatini avtomatlashtirilgan tarzda tartibga solish tizimi kengaytirildi.

Shu bilan birga, ko`rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, yo`l harakati sohasidagi huquqbuzarliklar soni ancha yuqori darajada saqlanib qolayotgan edi.

Masalan, statistika ma`lumotlariga ko`ra, 2016 yilda yo`l harakati sohasida 3 385 051 ta huquqbuzarlik qayd etilgan bo`lsa, 2017 yilda bu ko`rsatkich3 727 430 taga etgan ya`ni 10.1 foizga ortgan. Yo`l-transport hodisalari sonining ortishi barobarida yo`llarda halok bo`lganlar, turli tan jarohatlari olganlar soni ham ortib boraveradi.

Xabaringiz bor, mazkur Qonun qabul qilinguniga qadar ham qoidabuzarliklar uchun qo`llanadigan jazolar engil emasdi. Ammo, tahlillar aksariyat haydovchilar amaldagi ma`muriy choralarga oddiy bir xoldek qarashga o`rganib qolganliklarini ko`rsatadi. Shu sababli muammoni qat`iy hal etish kompleks yondashuvlarni, jumladan yo`l harakati xavfsizligi va transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jazoni umumiy asosda kuchaytirishni taqozo etadi.

Ma`muriy javobgarlikni kuchaytirish esa yo`l harakati ishtirokchilarining intizomini oshirishga, ularni yo`l harakati xavfsizligi va transport vositalaridan foydalanish qoidalariga so`zsiz rioya qilish zarurligiga ishontirishga xizmat qiladi.

Mana, qo`limizda mamlakatimiz avtomobil yo`llarida sodir bo`lgan yo`l-transport hodisalari aks etgan ma`lumotlar turibdi. Ularni e`tibor bilan, tahliliy o`rganib chiqadigan bo`lsak,bugungi kunda transport vositasini alkogolli ichimlikdan mast holda boshqarish oqibatida sodir etilgan yo`l-transport hodislari ko`proq uchrayotganligi ko`rinadi. Shuni inobatga olgan holda mazkur qoidabuzarlik uchun jazo chorasi keskin kuchaytirildi.

Qonun qabul qilinguniga qadar Haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta`siridan yoki o`zgacha tarzda mast holda boshqargan haydovchilarga nisbatan 1 yilu 6 oydan 3 yil muddatgacha haydovchilik huquqidan mahrum etish jazosi qo`llanilar edi. Endilikda ham xuddi shu muddatga haydovchilik huquqidan mahrum qilish bilan birga, qo`shimcha ravishda respublikamizda joriy etilgan eng kam oylik ish haqining 25 baravari miqdorida jarima ham solinadi. Bundan tashqari, xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo`lmagan shaxs tomonidan sodir etilgan bo`lsa, eng kam ish haqining o`ttiz baravari miqdorida jarima solishga yoki o`n besh sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`lardi. Joriy etilgan yangi o`zgarishlarga ko`ra endilikda bunday holat yuz bersa, transport vositalarini boshqarish huquqi bo`lmagan shaxsga eng kam oylik ish haqining 40 baravari miqdorida jarima hamda 15 sutkagacha bo`lgan ma`muriy qamoq jazosi qo`llaniladi.

O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 131-moddasi, uchinchi qismida alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta`siridan yoki o`zgacha tarzda mast shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirganlik uchun eng kam oylik ish haqining o`n besh baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan ikki yildan uch yilgacha muddatga mahrum etishga sabab bo`lardi.

Yangi qonunda bunga ham jazo kuchaytirildi. Endilikda alkogolli ichimlikdan, giyovand modda ta`siridan yoki o`zgacha tarzda mast shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish 2 yildan 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum qilinishiga hamda qonunbuzardan eng kam oylik ish haqining 25 baravari miqdorida jarima undirilishiga sabab bo`ladi.

O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 136-moddasi bor. Bu modda ransport vositalari haydovchilarining va yo`l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o`tishdan bo`yin tovlashi, deb nomlanadi. Bu moddaga asosan 23-oktyabrga qadar qoidabuzar transport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum etilgan bo`lsa, endilikda bu qoidabuzarlik uchun 1 yilu 6 oydan 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum etish hamda eng kam oylik ish haqining o`n besh baravari miqdoridajarima jazosi qo`llaniladi.

Ko`rayapsizki jazo turlari anchagina kuchaytirildi. Sababi, alkogolli ichimlikdan mastlik ta`siri ostida haydovchining eng muhim funksiyalari buziladi, masalan, reaksiyasi sustlashadi, yo`l harakati qoidalariga bepisandlik shakllanadi, o`z-o`zini nazorat qilish qobiliyati yo`qoladi, qonda alkogol miqdori ortgan sari mo`ljal olish hissi susayadi, xushini yo`qotish ehtimoli vujudga keladi. Bularning barchasi avtotransport vositasini mast holda boshqarish inson va fuqaroning yashash, sog`lig`ini muhofaza qilish va boshqa Konstitusiya bilan kafolatlangan huquqlariga qarshi jinoyat sodir etilishi mumkinligidan dalolat beradi. Qonunga o`zgartirishlar kiritishda masalaning ana shu muhim tomonlari inobatga olindi.

Og`ir oqibatli yo`l-transport hodisalarini keltirib chiqarayotgan qoidabuzarliklardan yana biri bu belgilangan tezlik talablariga amal qilmaslikdir. Ma`lumotlarga nazar tashlaydigan bo`lsak 2016 yilda yo`l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan tezlik bilan bog`liq 421272 ta qoidabuzarlik aniqlangan bo`lsa, 2017 yilda bu ko`rsatkich 506948 tani tashkil etdi. Bu xodimlar tomonidan aniqlangani. Bunga avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga ulangan foto radarlar qayd etgan qoidabuzarliklarni qo`shadigan bo`lsak raqamlar olti xonalikka o`tib ketadi. Bular aniqlangani. Aniqlanmagani qancha? Ular keltirib chiqarayotgan yo`l-transport hodisalari, bu hodisalarda bevaqt hayotdan ko`z yumayotgan, tan jarohati olganlar sonini aytishning o`zi og`ir. Shu sababli ham bu kabi qoidabuzarliklarga nisbatan ko`riladigan jazo turlari ham kuchaytirildi.

Jumladan, O`zbekiston Respublikasining ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 1283-moddasi. Bu modda transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi, deb nomlanadi. Ushbu moddaning 3-qismining sanksiyasida transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborishi eng kam oylik ish haqining etti baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi, deb belgilangan edi. Endilikda bunday qoidabuzarlik uchun eng kam oylik ish haqining to`qqiz baravari miqdorida jarima solinadi.

Xuddi shu moddaning to`rtinchi qismining sanksiyasida transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko`p bo`lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborishi yoxud transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko`p bo`lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ikki marta ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborishi eng kam oylik ish haqining o`n baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan 1 yil muddatga maxrum etish bilan jazolanar edi. Yangi qonunda jarima miqdori eng kam oylik ish haqining o`n besh baravari qilib belgilandi. Haydovchilik huquqidan mahrum etish jazosi esa bir yilligicha qoldirildi.

O`zbekiston Respublikasining ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 1283-moddasining beshinchi qismi ham bor. Bu transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborishi yoki transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko`p bo`lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ikki marta ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborishi yoxud transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko`p bo`lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun uch marta ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborishi, deb ataladi hamda bunday qoidabuzarlik uchun transport vositasini boshqarish huquqidan ikki yil muddatga mahrum etish jazosi qo`llanilar edi. Endilikda esa haydash huquqidan ikki yilga mahrum etish bilan birga eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravari miqdorida jarima jazosi ham qo`llanadi.

Yuqoridagilardan tashqari transport vositasini boshqarish chog`ida uyali telefondan foydalanganlik uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravari o`rniga uch baravar, bir yil davomida shu qoidabuzarlikni takroran sodir etganlik uchun eng kam oylik ish haqining uch baravari o`rniga to`rt baravar, yoki 6 oygacha haydovchilik huquqidan mahrum etish jazosi belgilandi.

Bundan tashqari haydovchilarning transport vositalarini boshqarish va yo`lovchilar tashishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga, xuddi shuningdek motosikl va mopedlar haydovchilarining motoshlemlardan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi ilgari eng kam oylik ish haqining beshdan bir qismi miqdorida jarima solinishiga sabab bo`lgan bo`lsa, endilikda bunday qoidabuzarlik uchun eng kam oylik ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima jazosi qo`llaniladi.

Kezi kelganda shuni aytish lozimki, aksariyat o`lim bilan yakun topgan yo`l-transport hodisalarida haydovchi yoki yo`lovchi xavfsizlik kamarini taqmagan bo`ladi. Keskin tormoz yoki kuchli to`qnashuv vaqtida yo`lovchiold oynaga boshi bilan urilib og`ir jarohat olsa, haydovchining ko`krak qismi rul chambaragiga siqilib qolishi natijasida o`lim yuz beradi. Shu sababli ham xavfsizlik kamarini hamma taqishi shart. Bu birinchi navbatda o`sha insonlarning o`zi uchun foydali.

Kodeksning 133-moddasiga ham o`zgartirish kiritildi. Bu, transport vositalari haydovchilarining yo`l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga engil tan jarohati yoki ancha miqdorda (ancha miqdordagi moddiy zarar deganda, eng kam ish haqining besh baravari miqdoridan oshib ketgan zarar tushuniladi)moddiy zarar etkazilishiga olib kelishi bilan bog`liq modda. Qonun qabul qilinguniga qadar ushbu moddaga asosan eng kam oylik ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan bir yildan uch yilgacha muddatga mahrum etish jazosi qo`llanar edi. Endilikda uning jarima sanksiyasi eng kam oylik ish haqining besh baravaridanetti baravarigacha ko`tarildi.

Shuningdek, kodeksning 134-moddasi ya`ni transport vositalari haydovchilarining yo`l harakati qoidalarini buzishi transport vositalari, yo`l harakatini tartibga soluvchi vositalar yoki boshqa mol-mulk shikastlanishiga olib kelsa, lekin ancha miqdorda moddiy zarar etkazmasa, eng kam oylik ish haqining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oydan bir yilgacha muddatga mahrum etishga sabab bo`lardi. Endilikda haydash huquqidan mahrum etish jazosi o`zgarmagani holda jarima miqdori 2 baravardan 4 baravargacha oshirildi.

Bundan tashqari transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari, transport vositasini ro`yxatdan o`tkazganlik haqidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yo`qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish bo`yicha sug`urta polisi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa lisenziya kartochkasi yoki yo`l varaqasi yonida bo`lmagan haydovchilarning transport vositalarini boshqarishi eng kam oylik ish haqining ikkidan bir qismi o`rniga eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida, transport vositalarini boshqarish huquqi bo`lmagan shaxslarning shu vositalarni boshqarishi, xuddi shuningdek boshqarish huquqi bo`lmagan shaxsga transport vositalarini boshqarishning topshirilishi eng kam ish haqining uch baravari o`rniga besh baravari miqdorida, Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning bunday vositalarni boshqarishi eng kam oylik ish haqining besh baravari o`rniga o`n baravari miqdorida jarima jazosini qo`llashga asos bo`ladi.

O`zbekiston Respublikasining yangi qabul qilingan mazkur Qonuni yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasidagi huquqiy asoslarni yanada rivojlantirib, fuqarolarning hayoti va salomatligini muhofaza qilish, transport vositalariga ega bo`lgan korxona va tashkilotlarning mas`uliyatini oshirish, fuqarolarni yo`llarda xavfsizlik qoidalariga rioya etish bo`yicha mas`uliyatini oshirish, yo`l-transport hodisalarining oldini olish va ularda jabrlanganlarning sonini kamaytirishga xizmat qiladi. Qonunni ishlab chiqish va qabul qilishdan ko`zlangan asosiy maqsad xavfsizlikni ta`minlashdir.

Mansurjon Rixsiev, jurnalist

    Boshqa yangiliklar