AsosiyJamiyat

Samarqandda otasiga "Spark" sovg`a qilmoqchi bo`lganlar ko`paydi

'Samarqandda otasiga "Spark" sovg`a qilmoqchi bo`lganlar ko`paydi'ning rasmi

Joriy yil fevral oyida yurtimizda ilk bor o`tkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida Samarqand viloyati Narpay tumanidagi 17-umumiy o`rta ta`lim maktabi 10-sinf o`quvchisi Mohiniso Shomurodova birinchi o`rinni egalladi.

Ushbu muvaffaqiyati tufayli Prezident sovg`asi – “SPARK” avtomobili bilan taqdirlangan yosh kitobxon mashinani otasiga tuhfa qilishini aytgan edi.

Shundan so`ng kitob o`qib otasiga mashina sovg`a qilishni istagan yoshlar ko`paygandan ko`paydi. Fikrimiz tasdig`ini “Yosh kitobxon” tanlovining Samarqand viloyatidagi bu galgi saralash bosqichlarida ishtirok etganlar o`tgan yilgidan bir necha barobar ko`payganida ham ko`rish mumkin, deb yozmoqda O`zA.

– 2017 yili tanlovning saralash bosqichlarida 17 ming 120 nafar yosh qatnashgan edi, – deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati kengashi bo`lim boshlig`i E.Ulug`murodov. – Bu yil esa 77 ming 350 nafar yigit-qiz o`zining nechog`li kitobxon ekanini ko`rsatishga harakat qildi. Albatta, bu yil tanlov o`tgan yilgidan farqli ravishda, 10-14 yoshlilar qo`shilgan holda, uch xil yosh toifasida o`tkazilmoqda. Lekin baribir tanlovda qatnashishni istaganlar ko`paygani haqiqat. Bu yoshlarning kitobga qiziqishi ortganidan dalolat beradi.

Samarqand shahrida uch kun davom etgan tanlovning viloyat bosqichida tuman va shaharlardan kelgan 48 nafar ishtirokchi 10-14, 15-19 va 20-30 yosh toifalarida yana bir bor sinovdan o`tdi.

Kitobxon yoshlar buyuk mutafakkir va adiblarning hayoti va ijodiy faoliyati, badiiy asarlar haqidagi bilim va tushunchalarini savol-javoblar orqali namoyon etdi. O`zlari o`qigan asarlar haqida gapirib berdi. Biri biridan zukko, bilimdon, eng muhimi, kitobsevar yoshlar orasidan eng kuchlilarini tanlash hakamlar uchun oson bo`lmadi. Ballar sarhisob qilingandagina g`oliblar nomi ayon bo`ldi.

Shu tariqa Paxtachi tumanidagi 24-umumiy o`rta ta`lim maktabining 8-sinf o`quvchisi Mahliyo O`roqova, shu maktabning 9-sinf o`quvchisi Mashhura Kamolova hamda Samarqand davlat universiteti o`zbek filologiyasi fakultetining 1-kurs magistranti Kamola Musurmonova eng yuqori natija qayd etib, “Yosh kitobxon” tanlovining mamlakat bosqichiga yo`llanma oldi.

    Boshqa yangiliklar