Hukumat qarori bilan Xalqaro hunarmandchilik festivalini o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, festival 2019 yildan boshlab, har ikki yilda bir marotaba sentyabr oyida Farg`ona viloyatining Qo`qon shahrida o`tkaziladi.
Festival Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi va Farg`ona viloyat hokimligi tomonidan tashkil etiladi.
Festival doirasida “Hunarmandchilik va xalq amaliy san`atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya, hunarmandlarning ko`rik-tanlovi, shuningdek xorijiy va mahalliy hunarmandlarning mahorat darslari tashkil etiladi.
Quyidagilar ko`rik-tanlov ishtirokchilarining mahoratlarini baholashda asosiy mezon hisoblanadi:
- hunarmandchilik mahsulotlarining an`anaviy milliy xususiyatlari;
- hunarmandchilik yo`nalishining jozibasi va tarovati, o`ziga xos uslub va maktabga egaligi;
- hunarmandchilik mahsulotining tarixiy ildizga egaligi hamda o`z ahamiyatini yo`qotmaganligi.
Xalqaro hay`at tomonidan ko`rik-tanlov ishtirokchilarining mahsulotlari ko`rgazmasi va mahorat darslari 5 ta nominasiya bo`yicha baholanadi.
Festival doirasida o`tkaziladigan ko`rik-tanlov g`oliblari diplom, haykalcha va quyidagi miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
- “Eng yaxshi hunarmand” nominasiyasi bo`yicha – 15 000 AQSh dollari;
- “Eng yosh hunarmand” nominasiyasi bo`yicha – 10 000 AQSh dollari;
- “Eng yaxshi hunarmandchilik maktabi ustasi” nominasiyasi bo`yicha – 10 000 AQSh dollari;
- “Qadimiy sulola davomchisi” nominasiyasi bo`yicha – 5 000 AQSh dollari;
- “Qadimiy hunarmandchilik turini tiklagan hunarmand” nominasiyasi bo`yicha – 5 000 AQSh dollari.