​Farg`onada 50 kishini chuv tushirgan "Mashhur hoji" 9 yilga qamaldi

Jinoyat 03.12.2018, 18:35
​Farg`onada 50 kishini chuv tushirgan "Mashhur hoji" 9 yilga qamaldi

Farg`onada “GM Uzbekistan” qo`shma korxonasida ishlab chiqarilgan turli rusumdagi transport vositasi olib berishni va`da qilib, 50 nafardan ziyod jabrlanuvchilarni salkam 760 ming dollarga chuv tushirgan firibgar ustidan sud hukmi o`qildi. Bu haqda O`zA xabar qildi.

Sudlanuvchi M. Umurzaqov Marg`ilon va Farg`ona shahar hududida “Mashhur hoji” nomi bilan tanilgan. U 2013-2014 yillarda o`zgalarning mablag`ini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritish maqsadida boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirib, jabrlanuvchilarning ishonchiga kirish maqsadida avtomashina savdosi bo`yicha soxta shartnomalar tayyorlagan. Mazkur shartnomalarni soxta ekanligini bila turib, ayrim jabrlanuvchilarga taqdim etib, foydalanib, mazkur shartnoma asosida ularga “GM Uzbekistan” qo`shma korxonasida ishlab chiqarilgan turli rusumdagi transport vositasi olib berishga va`da bergan. Ularni ishontirib, aldab, ayrim jabrlanuvchilarning ancha miqdorga, ayrimlarini ko`p miqdorga, ba`zilarini esa juda ko`p miqdorga teng qiymatdagi AQSh dollarini qo`lga kiritgan.

Jumladan, 2013 yil mart oyida Sh.Qodirovga “Damas” rusumli transport vositasi olib berishga va`da berib, aldab, uni 10 ming 500 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritgan. E.Ergashev bilan oldindan til biriktirib, 2013 yil noyabr oyidan 2014 yil yanvar oyiga qadar E.Ergashev orqali I. Hasanovga uch dona “Nexia-2” rusumli transport vositasi olib berishga va`da berib, uning 40 000 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritib, aldab kelgan. Bu kabi aldanganlarni ro`yxatini juda ko`p keltirish mumkin. Halol ishlab, pul yig`ib, yangi mashina minish istagida bo`lgan 50 dan ziyod fuqarolar ana shu firibgarning tuzog`iga ilindi. 2014 yilda M. Umrzoqovga nisbatan qidiruv e`lon qilingan bo`lib, unga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Marg`ilon shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Sudlanuvchi M. Umurzaqovga uzil-kesil to`qqiz yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shu bilan birga jinoyat orqasida jabrlanuvchilarga etkazilgan moddiy zarar miqdori hukm e`lon qilingan kunda 1 AQSh dollarining so`mga nisbatan qiymatidan kelib chiqib, undirish belgilandi.

M. Umurzaqov bilan birgalikda jinoyatni sodir etgan, dastlabki tergov paytida jinoyat ishiga jalb qilinmagan boshqa shaxslarni ham ishga ayblanuvchi sifatida jalb qilish haqida sud alohida ajrim e`lon qildi. Mazkur ajrim ijrosining tafsilotlarini kuzatamiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1