1

Toshkentda bolani do`pposlab, qiynab kelgan enagaga nisbatan sud hukmi o`qildi

Jinoyat 03.12.2018, 21:03
Toshkentda bolani do`pposlab, qiynab kelgan enagaga nisbatan sud hukmi o`qildi

Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tuman sudining ochiq sayyor sud majlisida 1989 yili Toshkent shahrida tug`ilgan, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, turmushga chiqmagan, ma`lumoti o`rta, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlanmagan Sayyora Egamovaga (maqolada barcha ism-familiyalar o`zgartirilgan) oid jinoyat ishi muhokama qilinib, qonunga muvofiq hukm o`qildi. Bu haqda O`zA ma`lum qildi.

Sudlanuvchining qing`ir ishlarini eshitgach yoqa ushlashingiz tayin. Hali oila, farzand qadrini bilmaydigan bu qiz 2014 yildan 2016 yilga qadar Mirzo Ulug`bek tumani, Qorasuv-6 dahasida istiqomat qiluvchi Sharofat Solievaning bolasiga enagalik qilib, uning uyida istiqomat qilib kelgan.

2009 yilda tug`ilgan F.B.ni turli vajlar bilan urib-do`pposlab, badaniga sigareta cho`g`i va qizdirilgan temir buyumlarni bosib, tirnab azob etkazib, “erkakka o`xshashing kerak, latta bo`lmagin” degan vaj bilan bolani og`ir jismlarni ko`tarishga majburlab, xo`rlab muttasil ravishda qiynab kelgan. Tibbiy ekspertiza xulosasiga ko`ra, voyaga etmagan F.B.da burun chap yon sohasi va ko`krak old yuzasida chandiqlar, ya`ni yaraning bitishidan keyingi izlar, chap bilak sohasida shilinmalarning bitishidan keyingi izlar mavjudligi aniqlandi.

Bu jinoyati bilan cheklanib qolmay, o`zining jinoiy harakatlarini davom ettirish uchun antiqa usul o`ylab topadi. Ya`ni, uy egasi Sharofat Solievaga turli xil uydirmalar to`qib, Anjelika ismli folbin tanishi borligini va u fol ochib, “Agar bitta xo`roz olib qurbonlik qilinmasa, uy egalariga falokat yog`ilishi”ni uqtiradi. Sodda ayolni chuv tushirib, bahosi 800 ming so`mlik tilla ziraklarini garovga qo`ydirib, lombarddan 426 ming 800 so`m pul oladi va o`z ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi.

Bundan tashqari, Sayyora Egamova o`zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, Sharofat Solievaning fuqarolik pasportini qasddan yirtib tashlaydi.

Pul topishning oson yo`lini topib olgan Sayyoraning jinoiy harakatlari bu bilan to`xtamadi. U oldiniga tovlamachilik yo`li bilan pullarni o`zlashtirgan bo`lsa, endi bu jinoyatiga Sharofat Solievaning 2007 yilda tug`ilgan qizi L.B.ni ham jalb etadi. Sodir bo`layotgan voqeani to`la tushunib etish qobiliyatiga ega bo`lmagan darajada yoshi kichikligidan foydalanib, uning qulog`iga ham Anjelika ismli folbin tanishi bilan bog`liq uydirmalarni quyadi va qizaloqni boshqa joyda istiqomat qiluvchi kelinoyisining uyiga o`g`rilikka jo`natadi. “Kelinoyingning tilla taqinchoqlarini hech kimga bildirmasdan olib chiqib bersang, folbin uyingizga yog`iladigan falokatni qaytaradi”, degan yolg`on bilan qizcha orqali fuqaro Z.Ortiqovaga tegishli narxi 1 million 500 ming so`m bo`lgan bir juft tilla sirg`ani yashirin ravishda talon-taroj qilgan.

Sayyora Egamovaga ishlamasdan pul topish moydek yoqib qolganidanmi, u qizaloqni yana bir marta yolg`on-yashiqlari bilan avrab, bu safar Z.Ortiqovaning 2 million so`m bo`lgan bir juft tilla sirg`asini qo`lga kiritadi. Yosh boladan foydalanib yana o`sha ayolning narxi 5 million so`mlik tilla taqinchoqlarini ham o`zlashtirib oladi.

Ushbu harakatlari bilan Sayyora Egamova voyaga etmagan qizaloqni bir necha bor jinoyat qilishga jalb qiladi. Z.Ortiqovaga tegishli jami narxi 8 million 500 ming so`m bo`lgan tilla taqinchoqlarni o`z ehtiyoji uchun oladi.

Qing`ir ishning qiyig`i qirq yilda ham chiqadi, deganlaridek, uning ham qilmishlari fosh bo`ldi.

Sudda S.Egamovani jamiyatdan ajratmagan holda uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin, degan xulosaga kelindi. O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli hukm qilindi va sud etkazilgan zararni sudlanuvchidan undirishni va ashyoviy dalillar taqdirini hal etishni lozim topdi.

Ammo bu muammoning echimi emas. Nega ayol jinoyatchi bo`lib qoldi? Qora kursiga o`tirishigacha bo`lgan omillar qanday? U jazoni o`tab bo`lgach ijobiy tomonga o`zgaradimi?

Bu kabi savollar har bir qiz o`stirayotgan ota-onani o`ylantirishi lozim.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1