AsosiyHi-Tech

Gmail asoschilari «mutlaqo yangi» Inbox pochta xizmatini taqdim etishdi

Google korporasiyasi Inbox deb atalgan «mutlaqo yangi» pochta xizmatini taqd...

Google korporasiyasi Inbox deb atalgan «mutlaqo yangi» pochta xizmatini taqdim etdi. Uning hozirda mavjud bo`lgan pochta servislaridan asosiy farqi – xatlarni «aql bilan» saralay olishidir. Bu haqda Google Russia blogi xabar bermoqda deb yozadi kun.uz.

Inbox bir-biriga o`xshash xabarlarni (masalan, bankdan kelgan cheklarni) bloklarga ajratib chiqadi va xatlardagi eng muhim axborotni (masalan, chiptani bron qilingani maqomi) chiqarib ko`rsatadi. Bundan tashqari, servisga eslatmalar yozish va qilinadigan ishlar rejasini tuzish imkonini beradigan organayzer ham tatbiq etilgan.

Inbox’dan foydalanish imkoniyati cheklangan: yangi servisdan foydalanish uchun yo undan foydalanayotganlardan taklif olish kerak, yoki bo`lmasa servisdan foydalanish imkoniyatini berishni so`rab inbox@google.com manziliga maktub yo`llash kerak.

Inbox servisi jahondagi eng ommabop pochta xizmatlaridan biri – Gmail jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan. Biroq yangi loyiha Gmail’ning bir qismi emas, balki alohida, mustaqil servis sifatida rivojlanadi.

Gmail 2004 yilda ishga tushirilgan edi, oradan sakkiz yil o`tib esa kompaniya ushbu servisdan 425 million kishi foydalanayotganini ma`lum qildi.

    Boshqa yangiliklar