AsosiyJamiyat

Toshkent davlat texnika universitetida xorijdagi vatandoshimiz mahorat darslarini o`tdi

'Toshkent davlat texnika universitetida xorijdagi vatandoshimiz mahorat darslarini o`tdi'ning rasmi

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida Janubiy Koreyaning Sejon universiteti ilmiy xodimi Elyorjon Jumaev mahorat darslarini o`tkazdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Prezidentimizning joriy yil 5 iyundagi “Oliy ta`lim muassasalarida ta`lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori ko`plab amaliy sa`y-harakatlarda dasturilamal bo`lmoqda.

Mahorat saboqlari va darslarda talabalar, magistrlar, doktorantlar ishtirok etdi. Universitetning ilmiy salohiyatini ko`tarish maqsadida professor-o`qituvchilarni Janubiy Koreyaning Sejon universitetida malakasini oshirish va hamkorlikda ilmiy izlanishlarni olib borish borasida hamkorlik shartnomasi tuzish masalalari ko`rib chiqildi.

Elyorjon Jumaev ko`plab xalqaro konferensiyalarda ishtirok etgan. Dunyo olimlarining fikri, g`oyalari, yangiliklaridan yaxshi xabardor. Shu bois, vatandoshimiz o`z sohasidagi yutuqlar, kamchiliklar, qilinishi lozim bo`lgan ishlarni yurtimiz yoshlariga o`rgatish niyatida. Bugungi kun yoshlarining salohiyati, intellektual darajasi yuksakligini e`tirof etar ekan, xorijliklarning O`zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini alohida ta`kidladi. O`zbek ekanidan faxr-iftixor tuyishini qayd etdi.

– Bugungi kun yoshlari xorijda tahsil olishi, ilmiy tadqiqotlar olib borishi, ta`limning keyingi bosqichlarini o`tashi mumkin, – deydi E.Jumaev. – Buning uchun o`z sohasini yaxshi bilishdan tashqari, xorijiy tillarni ham mukammal o`zlashtirishi muhimdir. Qaysidir ma`noda bir avlod vakillari bu imkoniyatga ega bo`lmay qoldi. Lekin hozirgi o`zbek yoshlari bu borada ham o`zini ko`rsata olyapti. Shundan quvonaman.

Yurtimizga taklif etilayotgan xorijdagi vatandoshlarimiz o`z bilim va kasbiy mahoratini turmushimiz farovonligi, yurtimiz rivoji, iqtisodiy, texnik yuksalishi uchun sarflashga tayyor. Bu kelgusida qilinadigan ishlar, islohotlarda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Boshqa yangiliklar