1

Samarqandda qaynonasini o`ldirgan kelin 12 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Jinoyat 06.12.2018, 12:12
Samarqandda qaynonasini o`ldirgan kelin 12 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Shu yilning yoz oylarida samarqandlik 36 yoshli ayolning qaynonasini pichoqlab o`ldirgani haqidagi xabarni eshitgan kishi borki, uni larzaga soladi. Oliy ma`lumotli, yaxshi bir oilaning bekasi bo`lgan ayol nega bu jinoyatga qo`l urdi? Bir inson umriga zomin bo`lishi uchun shuncha nafrat nimaning evaziga uni mahv etdi?

Ayol kishining bunday jinoyatga qo`l urishi, albatta, har qanday kishini larzaga soladi. Ayniqsa, jinoyat sodir etgandan so`ng bu qilmishini ustamonlik bilan yashirishga urinishi kishida unga nisbatan nafrat uyg`otadi.

U bu xonadonga kelin bo`lib tushganidan beri, ya`ni 2006 yildan buyon qaynonasi bilan birga istiqomat qilgan. Oilada kelishmovchiliklar bo`lgan. Qaynona hovlining yarmini sotib, uni qiziga rasmiylashtirib bergach, o`rtada o`zaro nizolar avj olgan.

Ammo guvohlar fikriga tayanadigan bo`lsak, qaynona o`g`lini va kelinini bu hovlidan chiqarib yuborish niyatida bo`lmagan. O`zaro kelishmovchilik esa davom etavergan. Shunday kunlarning birida qulay fursatni poylab, uyda hech kim yo`qligidan foydalangan kelin qaynonasiga ketma-ket pichoq sanchadi. Qiziq, u pichoq sanchayotganda turmush o`rtog`ining onasiga emas, balki o`z hayotiga ham zomin bo`layotgani, jajji qorako`zlari, oilasini ham parokanda qilayotganini o`ylaganmikan? Nazarimda, o`ylamagan. Sababi, qaynonasini o`ldirgandan so`nggi xatti-harakatlari bunday o`ylashga izn bermaydi. U go`yo mohir jinoyatchiday murdani plyonkaga o`rab, erto`laga tushirishga harakat qiladi.

Yanayam dahshatlisi, bu ishni amalga oshirish uchun voyaga etmagan, hali 12 yoshga ham kirmagan o`g`illaridan yordam so`raydi. Buvisining murdasini ko`rib, qo`rqqan bolakaylar onasiga yordam berishdan bosh tortadi. Onasi esa ularga bu gapni hech kimga aytmaslikni tayinlaydi.

Uyiga turmush o`rtog`i kirib kelganda ham go`yo hech narsa bo`lmaganday o`zini tutadi. Qaynonasini esa uzoqroq qarindoshlarinikiga mehmondorchilikka ketganini kiprik qoqmay aytadi.

Oradan uch-to`rt kun o`tgach, kelin erto`ladagi murdani bu erdan chiqarib tashlash kerakligi haqida reja tuzadi. Ko`chadagi taksi haydovchilaridan birining raqamini olib, uyida ta`mirlash ishlari olib borayotganini, shuning uchun ba`zi narsalarini qarindoshinikiga olib borishi kerakligini aytib, gilam orasiga o`ralgan murdani mashina yukxonasiga joylashtiradi. Siyob kanaliga yaqin joyda mashinani to`xtatib, narsalarini tushirib qoladi. U yog`iga o`g`li bilan bir amallab, murdani suvga oqizib yuboradi. Go`yo shu suvda gunohlarini ham oqizib yuborganday engil tortadi. Ammo bunday mudhish jinoyat hech qachon izsiz ketmasligini u anglamagan, bir inson ignaday yo`qolib qolishi mumkin emasligini xayoliga keltirmagan edi.

Bu orada turmush o`rtog`i, qaynopasi onasidan xavotir olib, qarindoshlariga qo`ng`iroq qilayotgan, onasini shifoxonalaru borishi mumkin bo`lgan barcha joydan qidirishga tushgandi. Natija bo`lmagach, ichki ishlar idoralariga murojaat qilishiga to`g`ri keladi. Ichki ishlar idoralari xodimlari o`z navbatida ularni suvda topilgan jasad bilan yuzlashtiradilar…

Kelinning qilmishlari fosh bo`ldi, unga nisbatan sud hukmi o`qildi. Ikki farzandning onasi, gulday oilaning bir bekasi mudhish jinoyati uchun o`n ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ayol nafaqat o`zi, farzandlarining ham hayotiga soya soldi, bir turmushni qulatdi, jahl, nafrat tufayli o`z oilasi tinchligiga ham zomin bo`ldi.

O`.MAMADALIEV,

jinoyat ishlari bo`yicha viloyat sudi raisi o`rinbosari.

"Zarafshon" gazetasidan olindi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1