O`zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov Rossiya muftiylari kengashi va RF musulmonlari idorasi raisining birinchi o`rinbosari Rushan Abbasov bilan uchrashdi.
Uchrashuv Moskva jome masjidida o`tkazilgan bo`lib, O`zbekiston elchisi uchun masjid bo`ylab sayr tashkil etilgan. Rushan Abbasov Elchiga Moskva xalqaro Qur`on musobaqasi, Moscow Halal Expo xalqaro ko`rgazmasi, Diniy ipak yo`li konferensiyasi, joriy yilning 9-12 dekabr kunlari Parijda o`tadigan Xalqaro Islom forumi haqida ma`lumot bergan.
Uchrashuvda 2016 yilda tashkil etilgan Diniy ipak yo`li loyihasi Urumchi, Qozon, Bishkek shaharlarida o`tkazilgani, to`rtinchi anjuman Ostaona shahrida tashkil etilishi rejalashtirilgani ta`kidlanib, O`zbekistonning ushbu loyihada ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega ekani qayd etilgan.
O`zbekiston va Rossiya o`rtasida ziyorat turizmi sohasida kelishuv imzolanishi va dinlararo muloqot bo`yicha konferensiya tashkil etilishiga kelishib olindi.