Farg`ona viloyati davlat soliq boshqarmasi va hududiy inspeksiyalari tomonidan davlat ro`yxatidan o`tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish holatlarining oldini olish maqsadida muntazam ravishda nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda. Hujjatsiz faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar aniqlanganda, ularga zarur axborot-maslahat xizmatlari ko`rsatilmoqda.
Joriy yilning noyabr oyida Farg`ona shahrida o`tkazilgan tadbirlar natijasida 39 nafar fuqaro davlat ro`yxatidan o`tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanayotganligi aniqlanib, ularga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi, faoliyatini qonuniy tarzda davom ettirish uchun kerakli tavsiyalar berildi. Shu bilan birga, hujjatsiz faoliyat yuritayotgan 20 nafar fuqaroga tegishli bo`lgan 102,6 mln. so`mlik tovar-moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlash uchun olindi.
Xususan, olingan tezkor ma`lumotlar asosida Farg`ona shahar davlat soliq inspeksiyasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Farg`ona shahar bo`limi xodimlari bilan hamkorlikda nazorat tadbiri o`tkazilib, Al-Farg`oniy ko`chasida turgan Quvasoy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro M.X. boshqaruvidagi ISUZI rusumli yuk mashinasi ko`zdan kechirilganda, transport vositasi yukxonasidagi sitrus mevalarni biror hujjatsiz Quvasoy shahriga sotish uchun olib ketilayotganligi aniqlangan. Mazkur holat bo`yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, hujjatsiz tarzda sotishga mo`jjalangan3 xil turdagi 193 quti, qariyb 41 mln. so`mlik sitrus mevalar daliliy ashyo sifatida olindi.
Bundan tashqari, noyabr oyida Farg`ona shahri P.Mahmud ko`chasida joylashgan savdo majmuasida o`tkazilgan tadbirlar davomida marg`ilonlik tadbirkor K.J. faoliyati o`rganilganda, fuqaro nazorat kassa mashinasi va to`lov terminali bilan jihozlanmagan savdo shoxobchasida hech qanday hujjatsiz telefon va aksessuarlar sotish bilan shug`ullanayotganligi aniqlangan.Tadbir yakunlari bo`yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, 1127 dona 13 mln. so`mdan ortiq qiymatdagi tovar-moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida vaqtincha olindi.
Farg`ona viloyati davlat soliq boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho``basi






