O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 dekabrda “O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonda O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini isloh qilishning to`qqizta eng muhim yo`nalishlari belgilandi:
• sog`liqni saqlash sohasidagi milliy qonunchilikni uni unifikasiyalash hamda tibbiy xizmat sifatini oshirish va bemorlar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, tibbiyot xodimlarining mas`uliyati va himoyalanganligini kuchaytirishga qaratilgan to`g`ridan-to`g`ri ta`sir qiluvchi qonunlarni qabul qilish orqali takomillashtirish;
• jahon standartlari asosida menejment va tibbiy xizmatlar sifatini boshqarishning eng namunali amaliyotlarini joriy etishni ta`minlaydigan zamonaviy boshqaruv tizimini va hududlarda sog`liqni saqlashni tashkil etishning “klaster” modelini shakllantirish, tibbiyot va farmasevtika muassasalarini akkreditasiya qilish, shifokorlik va farmasevtik faoliyatni lisenziyalash tizimini joriy etish;
• tibbiyot sohasini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam hajmini belgilash, tibbiy xizmatlar uchun klinik-xarajat guruhlari bo`yicha “har bir davolangan holat” uchun to`lash tizimini hamda kishi boshiga moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, majburiy tibbiy sug`urtani bosqichma-bosqich joriy etish;
• tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish, shuningdek, tibbiy standartlashtirish tizimini shakllantirish, tashxis qo`yish va davolashning yuqori texnologik usullarini joriy etish, patronaj xizmati va dispanserizasiyaning samarali modellarini yaratish orqali sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va kasalliklarni profilaktika qilish;
• tibbiy genetikani, ayollar va bolalarga shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordamni rivojlantirish asosida, zamonaviy skrining dasturlarini joriy etish, “Ona va bola” hududiy ko`p tarmoqli tibbiyot majmualari va ma`lumotlar tizimlarini shakllantirish asosida onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish;
• xususiy sog`liqni saqlash tizimi, davlat-xususiy sherikligini va tibbiy turizmni rivojlantirish, sog`liqni saqlash sohasiga investisiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash;
• farmasevtika tarmog`ini yanada rivojlantirish, narx shakllanishi mexanizmlarini takomillashtirish, dori vositalari, tibbiy texnika va buyumlar ishlab chiqarish hajmi va turlarini kengaytirish;
• tibbiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini shakllantirish, tibbiyot fanini rivojlantirish, shu jumladan, tibbiyot ilmiy va ta`lim muassasalarini xalqaro standartlar bo`yicha sertifikatlashtirish (akkreditasiyadan o`tkazish) zamonaviy ta`lim dasturlari, usul va texnologiyalarini joriy etish asosida;
• “elektron sog`liqni saqlash” tizimini keng joriy etish, yagona milliy standartlar asosida integrasiyalashgan axborot tizimlari va ma`lumotlar bazasi majmuasini yaratish.






