1

Efim Rezvan: O`zbekistonning tarixiy madaniyati juda boy va sinoatlidir

Madaniyat 10.12.2018, 17:13
Efim Rezvan: O`zbekistonning tarixiy madaniyati juda boy va sinoatlidir

Avval xabar qilinganidek, poytaxtimizda bo`lib o`tayotgan “O`zbekistonning madaniy merosi jahon to`plamlarida” loyihasining 2018 yil yakunlari va 2019 yil yo`l xaritasini ishlab chiqishga bag`ishlangan xalqaro multimedia forumida mamlakatimizdan va dunyoning turli mamlakatlaridan 300 dan ortiq olimlar, mutaxassislar, ekspertlar ishtirok etmoqda.

Mazkur xalqaro forumda xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan “Katta Langar Qur`oni”, “Devoni Husayniy”, “Me`rojnoma”, “Zafarnoma”, “Temur tuzuklari”, “Ravzatus-safo” kitoblari ilmiy talqiniga alohida o`rin berilgan.

Ulardan biri “Katta Langar Qur`oni”dir. Qur`oni Karimning Er yuzidagi eng mo``tabar nusxalardan biri bo`lgan ushbu ma`naviy merosning bugungi kunda sahifalari Sankt-Peterburg, Toshkent va Buxoro shaharlarida, shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida saqlanmoqda.

Qo`lyozmaning bizgacha etib kelgan eng katta qismi – 81 sahifasi bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgdagi Sharq qo`lyozmalari institutida saqlanadi. Qo`lyozmaning bu qismida Qur`oni Karimning 44 ta surasi oyatlari (shundan 22 tasi to`liq) o`rin olgan. Dastxatdagi farqlarga qaraganda, bu qo`lyozma ikkita kotib tomonidan ko`chirilgan. Kitob hajmining kattaligini hisobga olsak, uni teng ikkiga bo`lgan holda ko`chirishgan deb taxmin qilish mumkin. Keyinchalik matnga qizil siyoh bilan tuzatishlar kiritilgan, o`chib ketgan so`zlar ham xuddi shu rangdagi bo`yoq bilan qayta tiklangan.

Mazkur qo`lyozma matni sayqallangan hayvon terisiga bitilgan. Sahifalarning o`rtacha hajmi 52,5x34,0 sm.ni tashkil etgan. Matnlar arab alifbosining eng qadimiy turlaridan bo`lgan ko`fiy-hijoziy xatida bitilgan.

Tabarruk kitobni chuqur tadqiq etgan rossiyalik olim, tarix fanlari doktori, professor Efim Rezvanning ma`lumot berishicha, ushbu qo`lyozmaning yaratilishi VIII asrning oxirgi choragida, arab grammatikasi qoidalari shakllangan davrga to`g`ri keladi.

– O`zbekistonning tarixiy madaniyati juda boy va uni o`rgangan sari sir-sinoati ochilaveradi, – dedi ushbu forum ishtirokchisi, professor Efim Rezvan. – Biz bu yurt o`tmishi haqida qancha maqolalar yozmaylik, uning yakuniga eta olmaymiz. Shuni ishonch bilan aytamanki, bu zaminning o`tmishini o`rganish bizning nevarayu chevaralarimiz uchun ham etib ortadi. Tabarruk Qur`on kitobi bo`yicha mutaxassisman. Muqaddas kitob 114 ta surani o`z ichiga oladi. Har bir sura qo`lyozmasining yaratilishi shu hudud bilan bog`liq deyish mumkin va ular o`z yaratilish tarixiga ega. Xuddi shu kabi Sankt-Peterburgda saqlanayotgan qo`lyozmalar tarixi ham Xitoy va Eron davlatlari bog`liqligi bor. Maqsadimiz bu boradagi izlanishlarni yana ham davom ettirishdir. Bu kabi o`tkazilayotgan nufuzli tadbirlar bizning tadqiqotlarimizga keng yo`l ochib beradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1