Prezidentimizning 2018 yil 10 dekabrda “Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, quyidagilar tasdiqlandi:
• boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 35 nafar kishidan iborat Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining yangilangan tashkiliy tuzilmasi;
• Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi to`g`risidagi nizom;
• Markaz xodimlarining mehnatiga Yagona tarif setkasi bo`yicha haq to`lash razryadlari;
• Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar.
Markaz xodimlariga O`zbekiston adliya organlari va muassasalari xodimlari uchun nazarda tutilgan maxsus unvon – martaba darajalari beriladi hamda martaba darajalari uchun ustama va ko`p yillik xizmatlari uchun qo`shimcha haq to`lanadi.
Yagona tarif setkasi bo`yicha mehnatga haq to`lashning tasdiqlangan razryadlariga ko`ra, Markaz xodimlari lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffisientlari 1,7 baravar ko`paytirilgan miqdorda qo`llaniladi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan Markaz:
• Davlat statistika qo`mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sudning statistik axborotlari majburiy jo`natmalar reestriga;
• Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to`g`risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo`lgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro`yxatiga kiritildi.






