Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasidagi O`zbekistonning xalqaro majburiyatlarini bajarish bo`yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o`zaro hamkorligini, milliy ma`ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo`yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta`minlovchi davlat organi hisoblanadi.
Markaz o`z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.
Markaz har yili Prezident, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi O`zbekistonning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati to`g`risida axborot taqdim etadi.
Qaror bilan:
- inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, ushbu sohadagi O`zbekiston xalqaro majburiyatlarining bajarilishi bo`yicha davlat organlari faoliyatiga ko`maklashish;
- inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish holatini o`rganish, tahlil qilish va umumlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish bo`yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish Markazning asosiy vazifalaridan etib belgilandi.
Shuningdek, inson huquqlari sohasidagi O`zbekistonning xalqaro majburiyatlarini bajarishda faol va bevosita ishtirok etish, idoralararo hamkorlik qilish inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat organlari, shu jumladan, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatining eng muhim yo`nalishlaridan biri etib belgilandi.
Qarorga muvofiq, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga rioya qilish va ularni cheklash masalalari bo`yicha qonun loyihalari Markaz bilan majburiy ravishda kelishiladi.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 35 nafar kishidan iborat Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining yangilangan tashkiliy tuzilmasi;
- Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi to`g`risidagi nizom;
- Markaz xodimlarining mehnatiga Yagona tarif setkasi bo`yicha haq to`lash razryadlari;
- Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar.
Markaz xodimlariga O`zbekiston adliya organlari va muassasalari xodimlari uchun nazarda tutilgan maxsus unvon – martaba darajalari beriladi hamda martaba darajalari uchun ustama va ko`p yillik xizmatlari uchun qo`shimcha haqto`lanadi.
Yagona tarif setkasi bo`yicha mehnatga haq to`lashning tasdiqlangan razryadlariga ko`ra Markaz xodimlari lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffisientlari 1,7 baravar ko`paytirilgan miqdorda qo`llaniladi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan Markaz:
- Davlat statistika qo`mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sudning statistik axborotlari majburiy jo`natmalar reestriga;
- Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to`g`risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo`lgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro`yxatiga kiritildi.