AsosiyJamiyat

Askarlar o`rtasida ilk bor "Ilg`or mutaxassis" tanlovi o`tkazilmoqda

'Askarlar o`rtasida ilk bor "Ilg`or mutaxassis" tanlovi o`tkazilmoqda'ning rasmi

11 dekabr kunidan boshlab Markaziy harbiy okrugiga qarashli “Forish”, Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugining “Termiz” va “Nuriston” hamda Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” poligonlarida aralash tarkibdagi harbiy qismlarda aniq mutaxassisliklar bo`yicha tayyorlanayotgan muddatli harbiy xizmat oddiy askarlari o`rtasida “Ilg`or mutaxassis” musobaqasining yakuniy bosqichi boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O`zbekiston armiyasida ilk bor o`tkazilayotgan mazkur musobaqa 21 dekabr kuniga qadar 20 dan ortiq yo`nalish bo`yicha o`tkaziladi. Ularda 230 nafarga yaqin muddatli harbiy xizmatchilar o`zaro kuch sinashadi.

Musobaqalarning ochilish marosimlarida O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi hamda harbiy okruglar qo`shinlari qo`mondonliklari vakillari askarlarni qizg`in qutlab, bahslarda mahorat va matonatlarini namoyish etishlarida zafarlar tilashdi.

Yakuniy bosqich davomida askarlar test sinovlari va jismoniy tayyorgarlikdan nazorat mashqlarini topshiradi hamda mutaxassisligi bo`yicha amaliy ko`nikmalarini namoyish etishadi.

Ushbu tanlov muddatli harbiy xizmatchilarda jangovar tayyorgarlik va harbiy mahoratni muntazam oshirib borish, askarlar o`rtasida sog`lom raqobat muhitini shakllantirish, shuningdek, ularning mutaxassisliklari bo`yicha bilimlarini takomillashtirish va malakalarini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan.

So`ngi yillarda milliy armiyani izchillik bilan isloh qilish va rivojlantirish davlatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, harbiy kadrlar va kichik mutaxassislarni tayyorlash borasida keng ko`lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ta`kidlash joizki, bu yildan e`tiboran muddatli harbiy xizmatni o`tayotgan askarlar bilan aralash tarkibdagi harbiy qismlarda alohida harbiy mutaxassisliklar bo`yicha intensiv mashg`ulotlar o`tkazib kelinyapti.

Eslatib o`tamiz, dekabr oyining boshida Sharqiy harbiy okrugiga qarashli “Farg`ona” harbiy qism va dala-o`quv maydonida Mudofaa vazirligi qo`shin turlari, Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo`shinlari hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlarining harbiy xizmatchilari o`rtasida Qurolli Kuchlarda an`anaviy o`tkazilayotgan eng katta ko`rik-tanlov — «Eng ilg`or mutaxassis»ning yakuniy bosqichi o`tkazilgandi.

    Boshqa yangiliklar