O`zbekiston kon-metallurgiya tarmog`i faxriysi, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining sobiq Bosh direktori Nikolay Ivanovich Kucherskiy 81 yoshida vafot etdi.
Nikolay Kucherskiy 1937 yili Ukrainada tug`ilgan. 1961 yilda Dnepropetrovsk konchilik institutini tog`-kon muhandisi mutaxassisligi bo`yicha bitirgan. Shu yili Uchquduq shahrida tog` ustasi sifatida mehnat faoliyatini boshlab, uchastka boshlig`i, karer boshlig`i, bosh muhandis, so`ng Markaziy ruda boshqarmasi direktori lavozimlarida ishladi.
N.Kucherskiyning butun mehnat faoliyati O`zbekistonning uran va oltin qazib olish sanoati bilan bog`liq.
Ishlab chiqarish sohasini puxta bilishi, ulkan tajribasi tufayli mamlakatimiz kon-metallurgiya tarmog`ining yirik loyihalariga rahbarlik qildi. 1985 yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Bosh direktori etib tayinlandi.
N.Kucherskiy Bosh direktor lavozimida bor kuch-g`ayratini, bilimini oltinni ochiq usulda qazib olishni jadal rivojlantirishga sarfladi. Ayniqsa, Zarafshon, Uchquduq oltinni qayta ishlash majmualarini tashkil etish va yanada rivojlantirishga, uran tarmog`ini quduq burg`ulagan holda er ostida tanlab eritishdek kamchiqim usulga o`tkazishga katta hissa qo`shdi.
Texnika fanlari doktori, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan muhandis, Navoiy davlat konchilik instituti va Toshkent avtomobil yo`llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish institutining faxriy professori N.Kucherskiy katta ilmiy-tadqiqot ishlari olib bordi. U 150 ga yaqin ilmiy ish, 14 ixtiro muallifidir.
N.Kucherskiy Oliy Majlis deputati etib saylangan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zosi edi.
N.Kucherskiyning O`zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, tog`-metallurgiya sanoatini jadal rivojlantirishga qo`shgan hissasi davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. 1996 yilda unga oliy mukofot – “O`zbekiston Qahramoni“ unvoni berildi. Shuningdek, u “El-yurt hurmati“ va “Do`stlik“ ordenlari bilan mukofotlangan.
Ishlab chiqarish sohasining yirik tashkilotchisi, olim, mehribon ustoz Nikolay Ivanovich Kucherskiy xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, N.Yo`ldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, A.Sultonov, Q.Sanaqulov






