Senatning o`n ettinchi yalpi majlisida "O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta`minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida"gi Qonun ma`qullandi, deb xabar qildi Adliya vazirligi "Huquqiy axborot" kanali.
Qonun bilan kiritilgan o`zgartirishlarga asosan fohishalik uchun jarima miqdori oshirildi, bu ish bilan shug`ullanish eng kam oylik ish haqining uch baravaridan etti baravarigacha jarima solinishiga olib keladi (ilgari eng kam oylik ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha).
Ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilgan bo`lsa eng kam ish haqining etti baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o`n besh sutkagacha ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`ladi (ilgari eng kam oylik ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha jarima).
Qonun kuchga kirishi uchun Prezident tomonidan imzolanishi va belgilangan tartibda rasman e`lon qilinishi lozim.






