AsosiyJamiyat

DXA investorlarga sifatli maslahat berishga tayyor

'DXA investorlarga sifatli maslahat berishga tayyor'ning rasmi

Davlat xizmatlari agentligida Turkiya Respublikasi elchixonasining savdo va iqtisodiy masalalar bo`yicha maslahatchisi Abdulloh Yavuz Turker bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.

Abdulloh Yavuz Turkerning so`zlariga ko`ra, turk tadbirkorlari O`zbekiston investision imkoniyatlari, mavjud imtiyozlar mexanizmiga juda katta qiziqish bildirmoqda. Turk investorlarini jalb etish va ularga qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish maqsadida turk tomoni Davlat xizmatlari agentligi maslahat xizmatlarini ko`rsatishiga qiziqish bildirdi.

Elchixona maslahatchisi ta`kidlashicha, u Davlat xizmatlari agentligini turk investorlarini qonunchilikdagi so`nggi yangiliklar haqida xabardor qilishga yordam beruvchi hamda investorlar va O`zbekistondagi vazirlik, idoralarni bog`lovchi muhim bo`g`in sifatida ko`radi.

O`z navbatida, Agentlik direktori Xalilillo To`raxo`jaev turk tomonini tashkilot faoliyati hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi. Tadbirkorlik sub`ektlarini ro`yxatdan o`tkazish, ularga lisenziya berish, shuningdek, Davlat xizmatlari markazlari orqali biznes vakillariga taqdim etiladigan boshqa xizmatlar bo`yicha batafsil ma`lumot berdi.

Davlat xizmatlari agentligi xodimlari turkiyalik investorlarga barcha masalalar bo`yicha vakolat doirasida keng ko`lamli ko`mak ko`rsatishga tayyor. Mas`ul xodimlar tomonidan esa biznes jarayonlarini yanada osonlashtirish va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma`lumot berish maqsadida, ular uchun davra suhbatlari va seminarlar tashkil etiladi.

Konstruktiv muloqot natijasida tomonlar yaqin va uzoq muddatli hamkorlikni amalga oshirish niyatlarini bildirdi. Davlat xizmatlari agentligi vakillari turkiyalik investorlarni Agentlik vakolatiga kiradigan boshqa masalalar bo`yicha maslahat yordamini va ko`magini berishga tayyor ekanligini bildirishdi.

    Boshqa yangiliklar