Juma kuni Toshkent markaziy vokzalidan "Toshkent - Moskva - Toshkent" yo`nalishida yangi poezd qatnovi boshlandi, deb xabar qildi "O`zbekiston temir yo`llari" matbuot-xizmati.
Shu kunga qadar O`zbekistondan Moskvaga faqat ikkita, 005/006-sonli "Toshkent - Moskva - Toshkent" hamda 149/150-sonli "Andijon - Moskva - Andijon" yo`nalishida poezdlar harakati amalga oshirilib, yo`lovchilarga xizmat ko`rsatilayotgan edi.
"Yangi poezd Samarqand, Navoiy, Buxoro, Nukus shaharlardan o`tib O`zbekistonning shimoliy darvozasi bo`lgan Qoraqalpog`iston stansiyasi orqali harakatlanadi. Bu esa ushbu xududlarda istiqomat qilayotgan o`zbekistonliklarga, qolaversa O`zbekistonning tarixiy shaharlariga kelishni istagan sayyohlar uchun ham qulaylik yaratadi", - deyiladi xabarda.
Belgilangan jadvalga ko`ra yangi "Toshkent-Moskva" yo`nalishi bo`yicha qatnov haftada bir marta ya`ni har juma kuni amalga oshiriladi.






