Transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini aniqlash tartibi to`g`risidagi nizom 2018 yil 14 dekabr kuni Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Nizomga muvofiq, haydovchilarning alkogolli ichimliklar ta`siridan mast holatda ekanligini aniqlash ichki ishlar organining Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Haydovchilarning mast holatda ekanligini aniqlash bo`yicha tekshiruv alkotester (havoga chiqarilgan etanol bug`larini aniqlovchi va tekshiruv natijalarini qog`ozda aks ettiruvchi maxsus texnik vosita) yordamida amalga oshiriladi.
Quyidagilar haydovchilarning alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari ta`siridan yoki o`zgacha tarzda mast holda ekanligini aniqlash uchun tekshiruv o`tkazishga asos bo`ladi:
- haydovchining og`iz bo`shlig`idan alkogol hidi kelishi;
- haydovchi bir holatda to`g`ri tura olmasligi (chayqalib turishi);
- haydovchi nutqining buzilganligi;
- haydovchi qo`l barmoqlarining qaltirashi;
- haydovchi yuz terisi rangining sezilarli o`zgarganligi.






