Kecha MTRK ning Media markazida «Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichi g`oliblari aniqlandi. Tanlovning 20-30 yosh toifasidagi 14 nafar qatnashchilari «O`zbek adabiyoti bilimdoni», «Jahon adabiyoti bilimdoni», «Buyuk mutafakkir va adib» hamda «She`riyat» kabi 4 ta shart bo`yicha bellashishdi.
Shoirlar, yozuvchilar, o`qituvchilar, jurnalistlar va boshqa mutaxassislardan iborat hakamlar hay`ati ishtirokchilarni baholashda ularning belgilangan kitoblarni o`qiganligi, asarning mazmun-mohiyatini tushungani va uni tahlil qilib bera olish qobiliyatiga qarab baholab borishdi.
Tanlovning so`nggi sharti «She`riyat» yo`nalishida Toshkent viloyatidan Dilnavoz Najimova, Toshkent shahridan Shohsanam Xolboeva va Andijon viloyatidan Shohsanam Karimovalar taniqli shoirlar Usmon Azim, Sirojiddin Said, Abdulla Oripov hamda Muhammad Yusuf qalamiga mansub she`riy satrlarni badiiy tahlil qilishda muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.
Xorazmlik Akbar Otaboev, buxorolik Salomat Subxonova, surxondaryolik Javlonbek Xurramov, qoraqalpog`istonlik Abbos Reimov va navoiylik Asliddin Jarkenov, qashqadaryolik Surayyo Shodieva hamda farg`onalik Maftuna Muhammadaminova, sirdaryolik Dilfuza Qosimova, namanganlik Mohira Munavvarova, jizzaxlik Dilnavoz Ilhomova, samarqandlik Kamola Musulmonovalar esa mazkur shartda o`z hisoblaridagi ballarga o`zgartirish kirita olmadi.
Umumiy baholash natijalariga ko`ra Toshkent shahridan Toshkent davlat pedagogika universitetining 3-bosqich talabasi Shohsanam Xolboeva 327,2 ball bilan «Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichida g`oliblikni qo`lga kiritib, Prezident sovg`asi «Spark» avtomobili va «Kitob olami» do`koniga 3 oylik xarid uchun 20 foiz chegirmaga sazovor bo`ldi.
— O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan o`tkazilgan «Yosh kitobxon» tanlovi respublika bosqichiga tayyorgarliklar davomida 60 dan ortiq kitoblarni o`qib chiqdim. Mazkur tanlovda g`olib bo`lishga ahd qilib, tayyorgarliklarga puxta yondashdim. Uyimizda ota-onam kichik kutubxona yaratib bergan. Bu kabi imkoniyat va shart-sharoitlar uchun ulardan cheksiz minnatdorman. Tanlovgacha tinimsiz o`qidim, asarlarni tahlil qildim. Yodda qolishi uchun eng muhim nuqtalarni daftarimga qayd etib bordim. Bugun esa ko`p kitob o`qib, badiiy savodxonligimni oshirganligim natijasida Prezident sovg`asi “Spark“ avtomobiliga sazovor bo`ldim, — deydi tanlovning 20-30 yosh toifasidagi ishtirokchilarining mutlaq g`olibi Shohsanam Xolboeva. — Hozirga qadar 400 dan ortiq badiiy asarni o`qib chiqqanman. Mutolaalarim davomida Usmon Nosir, Lev Tolstoy, Paulo Koelo kabi adiblarning ijodini katta qiziqish bilan mutolaa qildim. Kelajakda eng sevimli, malakali o`qituvchi bo`lib, o`zim kabi yosh kitobxonlar davrasini kengaytirishni maqsad qilganman.
Toshkent viloyatidan Dilnavoz Najimova 264,5 ball bilan 2-o`rinni egallab, kompyuter jamlanmasi va «Kitob olami» do`koniga 3 oylik xarid uchun 15 foizlik chegirma bilan taqdirlandi.
Jizzaxlik Dilnavoz Ilhomova esa 259,2 ball bilan 3-o`rinni qo`lga kiritib, 200 ta kitoblar jamlanmasi va «Kitob olami» do`koniga 3 oylik xarid uchun 10 foizlik chegirmaga ega bo`ldi.
Tanlovning barcha ishtirokchilari «Dugonalar» va «Yosh kuch» jurnali hamda «Yoshlar ovozi» gazetasiga 1 yillik bepul obuna bo`ldi.
— Farzandlarimizning kitobga bo`lgan mehrini oshirish, ularning orasida sog`lom raqobatni uyg`otishga qaratilgan “Yosh kitobxon” tanlovi boshlanguniga qadar 50 ta badiiy asar mutolaa qilgan bo`lsa, hozirga qadar ularning soni 3 barobarga ko`paydi. Bu esa “Yosh kitobxon” tanlovining yoshlarimizni sog`lom muhitda o`zbek va jahon adabiyotidan uyg`oq tarzda voyaga etishiga zamin yaratmoqda, – deydi Kamola Musulmonovaning otasi Husniddin Musulmonov. — Birgina “Yosh kitobxon” tanlovi qanchadan qancha yoshlarimizni kitob bilan inoqlashtirdi. Adolatli va shaffof tarzda o`tgan tanlovni tashkillashtirgan O`zbekiston yoshlar ittifoqiga o`z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
2018 yilgi «Yosh kitobxon» tanlovining saralash bosqichlarida 20-30 yosh toifasidagi 1128 nafar ishtirokchi o`z bilimini sinab ko`rdi.
Shahnoza Nurullaeva