AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ilk marotaba o`quvchilar o`rtasida media festival o`tkaziladi

'O`zbekistonda ilk marotaba o`quvchilar o`rtasida media festival o`tkaziladi'ning rasmi

“Mening ijod mahsulim” an`anaviy o`quvchi-yoshlar media festivali Respublikamizdagi barcha umumta`lim maktablarining 8-11 sinflarida ta`lim olayotgan (14-18 yoshdagi) ijodkor o`quvchi-yoshlarning ijodiy faoliyatini ommalashtirish, kasbiy mahoratini rivojlantirish, ularni qo`llab-quvvatlash hamda rag`batlantirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Festival olti yo`nalishda tashkil etiladi:

I yo`nalish: “Eng yaxshi ijtimoiy rolik” – o`quvchi muallifligida “Mening maktabim!”, “Mening o`qituvchim – mening qahramonim!”, “O`quvchining bir kuni” kabi mavzularning biriga yozilgan ssenariy asosida tasvirga olingan 3 daqiqalik videoroliklar;

II yo`nalish: “Eng yaxshi media ishlanma” – o`quvchi muallifligida maktab hayoti, kitobxonlik, ta`lim olish tizimini, ta`lim muassasasi yoshlar tashkiloti faoliyati haqida ma`lumotlar almashinuvi tizimini joriy qilish bo`yicha ishlab chiqilgan veb sahifa, sayt, mobil ilova yoki elektron dastur;

III yo`nalish: “Eng yaxshi targ`ibot katalogi” – o`quvchi muallifligida “Sog`lom turmush tarzi”, “O`quvchining huquq va majburiyatlari”, “Ekologik madaniyat”, “Sen yoshlar ittifoqini bilasanmi?”, “Ta`lim va mutaxassislik” kabi mavzularning biriga tayyorlangan targ`ibot katalogi (targ`ibot katalogi A2 formatida kompyuter grafikasi asosida tayyorlangan bo`lishi va eng kamida 4 ta sahifadan iborat bo`lishi lozim);

IV yo`nalish: “Eng yaxshi maktab ro`znomasi” – o`quvchi-yoshlar va maktab boshlang`ich tashkiloti sardorlari tomonidan tayyorlangan maktab hayoti, o`quvchilarning o`y-fikrlari, ularning bilimini yanada mustahkamlash uchun xizmat qiluvchi materiallar jamlangan maktab ro`znomasi (gazetasi);

V yo`nalish: “Eng yaxshi maktab radio eshittirishi” – o`quvchi-yoshlar va maktab boshlang`ich tashkiloti sardorlari tomonidan tayyorlangan radioeshittirish ssenariysi va olib borilgan radioeshittirishning yozib olingan audio matni;

VI yo`nalish: “Mening orzuyimdagi zamonaviy maktab” loyihasi. o`quvchi-yoshlar va maktab boshlang`ich tashkiloti tomonidan tayyorlangan zamonaviy maktab.

Arizalar va ijodiy ishlar 20 dekabrga qadar qabul qilinadi.

Festivalning respublika bosqichi 5-6 yanvar kunlari “A`lo ta`til loyihasi: Qishki oromgohi” doirasida o`tkaziladi.

Festivalda ishtirok etgan ishlardan har bir yo`nalish bo`yicha 1 tadan ijodiy ish nominasiyalar bo`yicha taqdirlanadi.Festivalda g`olib bo`lgan 6 nafar ishtirokchilar laureatlik sertifikati, statuetka va planshet bilan, nominasiyalar bo`yicha g`olib deb topilgan yana 6 nafar ishtirokchilar maxsus diplom va esdalik sovg`alari bilan taqdirlanadi.

Laureatlarning ijodiy ishlari O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan telekanallarda ijtimoiy roliklar uchun ajratilgan soatlarda (bepul) efirga uzatib borish uchun tavsiya etiladi.

    Boshqa yangiliklar