O`zbekiston maktablarda bo`lajak huquqshunoslarni tarbiyalash dasturlari amalga oshiriladi. O`zbekiston Xalq ta`limi vazirligi hamda Adliya vazirligi aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish bo`yicha hamkorlik dasturini imzoladi, deb xabar qildi Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati.
Dastur doirasida vazirliklar xalq ta`limi sohasida qonun ustuvorligini ta`minlash va qonun hujjatlari ijrosini tashkil etish, shuningdek, mazkur sohaga doir qonun hujjatlarini keng targ`ib qilish, yosh avlodning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishda o`zaro hamkorlik qiladi. Jumladan, tomonlar xalq ta`limi muassasalarida huquqiy savodxonlik burchaklarini tashkil etadi.
Shu bilan birga, vazirliklar xalq ta`limi muassasalari xodimlari faoliyatini mehnat qonunchiligi talablariga muvofiq tashkil etishda hamkorlik qilishi belgilangan. Xususan, tomonlar O`zbekiston bo`ylab xalq ta`limi muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va “odob-axloq” oyligini o`tkazish hamda korrupsiya haqida tezkor va anonim xabar berish tizimini takomillashtirish bo`yicha ish olib borishni rejalashtirgan.
Dastur doirasida “Huquqiy savodxonlik oyligi”, “Odob-ahloq oyligi” kabi tadbirlar, maktablarda huquqiy savodxonlikni oshirish uchun maxsus darslar o`tkazish rejalashtirilgan. Maktablarda bo`lajak huquqshunoslarni tarbiyalash dasturlari amalga oshiriladi.
Ushbu loyiha huquqiy targ`ibot sohasida Xalq ta`limi va Adliya vazirliklari o`rtasida hamkorlikni kuchaytirishi hamda bu borada qonun ustuvorligini ta`minlanishiga, shuningdek, yosh avlodning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi kutilmoqda.






