AsosiyJamiyat

«O`zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti» topshirildi

'«O`zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti» topshirildi'ning rasmi

24 dekabr kuni «Yoshlar ijod saroyi»da «O`zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti» tanlovi g`oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o`tkazildi. Unda davlat va jamoat arboblari, vazirlik, idora va muassasalarning mutasaddi rahbarlari, O`zbekiston yoshlar ittifoqi etakchilari va faol yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tanlovda noyabr oyi davomida vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan davlat va jamiyat boshqaruvi sohasi, iqtisodiyot va qishloq xo`jaligi sohasi, fan-ta`lim va ijtimoiy soha, san`at, madaniyat, jurnalistika va sport sohasidagi 17 ta nominasiya bo`yicha 1109 nafar tavsiya etilgan nomzodlar orasidan 49 nafar iqtidorli yoshlar qatnashdi.

Mazkur nominasiyalar bo`yicha g`oliblarni aniqlashda xalq fikrini bilish maqsadida, Komissiya tomonidan saralab olingan 49 nafar nomzodlar aholining to`g`ridan to`g`ri ovoz berishi uchun http://ittifoqmukofoti.uz/ saytiga joylashtirildi.

Ovoz berish bosqichi yakunidan so`ng, Komissiya tomonidan nomzodlarning to`plagan ovozlari ko`rib chiqildi va har bir nominasiyada bir nafardan g`oliblar aniqlandi.

Istisno tariqasida «Yilning eng yaxshi yosh olimi» nominasiyasi bo`yicha talabgor bo`lgan nomzodlarning erishgan yutuqlari darajasi bir xil bo`lganligi uchun ikki nafar nomzod g`olib deb topildi.

Yoshlarga oid davlat siyosati sohasida «Yilning eng yaxshi O`zbekiston yoshlar ittifoqi xodimi» nominasiyasi bo`yicha O`zbekiston yoshlar ittifoqi Xorazm viloyati Urganch tuman “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Hamro Jumaniyozov, «Yilning eng faol huquq targ`ibotchisi» nominasiyasi bo`yicha Farg`ona viloyati Adliya boshqarmasi ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qo`llash amaliyoti va o`rganish bo`limi etakchi maslahatchisi Sadriddin Esonaliev, «Yilning eng yaxshi O`zbekiston yoshlar ittifoqi mahalliy Kengashi raisi» nominasiyasi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Xo`jayli tuman Kengashi raisi Xalila Xalmuratov mukofotga loyiq deb topildi. G`oliblarni O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o`rinbosari Alisher Sa`dullaev taqdirladi.

Tanlovning iqtisodiyot va qishloq xo`jaligi sohasida «Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori» nominasiyasi bo`yicha «Xorazmlik Raximovlar» oilaviy korxonasi rahbari Suxrobbek Rahimov, «Yilning eng yaxshi yosh fermeri» nominasiyasi bo`yicha Akmal Oromov, «Yilning eng yaxshi yosh hunarmandi» nominasiyasi bo`yicha Barno Narzullaevalar muvaffaqiyat qozondi. Mukofotga munosiblarni O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov va O`zbekiston xalq artisti Turg`un Azizov taqdirladi.

G`oliblar ichida jismoniy imkoniyati cheklangan bo`lsa-da, 5 yildan buyonhunarmandchilik bo`yicha samarali faoliyat yuritayotgan jizzaxlik Barno Narzullaeva ham bor. Ajoyib iqtidor egasi bugun “Yilning eng yaxshi yosh hunarmandi” sifatida e`tirof etildi. Yosh hunarmand munchoqlar bilan turli sopol buyumlariga bezak beradi. 2 yil davomida “Hunarmandlar” uyushmasiga a`zo bo`lib, yanada kengroq tajriba oshirdi. Joriy yilda “Hunarmand uyushmasi“ tomonidan ilk bor o`tkazilgan “Amaliy san`at yosh hunarmandlar qo`lida“ tanlovining respublika bosqichida birinchi o`ringa sazovor bo`ldi.

— Men o`z ishlarimda tarixiy obidalarni, yurtimiz go`zalligi va tabiat tarovatini aks ettiraman. Bitta kichik ijodiy ishim uchun 10-15 kun vaqt sarflayman. Yirik ijodiy namunalarim esa bir oylik vaqtni oladi. Ko`pgina tanlovlarda mehnatlarim yuksak qadr topdi. Iliq fikrlar, rag`batlar meni yana ham ruhlantiradi. Hamisha ma`lum bir cho`qqini zabt etishni ko`zlab yashasak, bizda intilish, shijoat va yuksalish bo`ladi. 2017 yil shu tanlovni kuzatib g`oliblarga havas qilgan edim. Bugun esa o`zim ham g`oliblar safidaman. Menga ko`rsatilgan e`tibordan nihoyatda mamnunman. Bu ishonch va rag`batga javoban “Yoshlar–kelajagimiz“ jamg`armasidan imtiyozli kredit olib, imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o`z faoliyatimni kengaytirmoqchiman. Niyatim, qo`shimcha ish o`rinlari yaratish orqali yurtimizdagi ishsizlik sonini kamaytirishga, iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga o`z hissamni qo`shish, – deydi tanlov g`oliblaridan Barno Narzullaeva.

Fan-ta`lim va ijtimoiy sohada «Yilning eng yaxshi yosh ixtirochisi» nominasiyasiga O`zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi robototexnika to`garagi rahbari Bunyodbek Zaripov, «Yilning eng yaxshi yosh olimi» nominasiyasi bo`yicha Toshkent moliya instituti Ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo`limi muhandisi Jasur Umurzoqov, Toshkent Davlat texnika universiteti katta o`qituvchisi Boburjon Zayniddinovlar, «Yilning eng yaxshi O`zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang`ich tashkilot etakchisi» nominasiyasi bo`yicha vazirlik va idoralardagi etakchilar Kengashi etakchisi Abdulla Karabaev, Ta`lim muassasalaridagi boshlang`ich tashkilot etakchisi Sherzod Normatovlar va “Yilning eng yaxshi «Kamalak» sardori” nominasiyasiga Madinabonu Saidjonova eng munosiblar deb aniqlandi. Ularga mukofotni O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`lim vaziri Sherzod Shermatov va O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan aktrisa Gavhar Zokirovalar tantanali topshirishdi.

San`at, madaniyat, jurnalistika va sport sohasida «Yilning eng yaxshi yosh aktyori» nominasiyasida O`zbekiston san`at va madaniyat instituti talabasi, "O`zbekkino" Milliy agentligi aktyori Behruz Tohirov, «Yilning eng yaxshi yosh qo`shiq ijrochisi» nominasiyasida "O`zbekkonsert" davlat muassasasi xonandasi Mashhurbek Raimjonov, «Yilning eng yaxshi yosh ijodkori» nominasiyasi O`zbekiston badiiy akademiyasi Andijon viloyatidagi ixtisoslashtirilgan san`at maktabi internati o`quvchisi Dilhavas Qodirova, «Yilning eng yaxshi yosh jurnalisti» nominasiyasi bo`yicha «O`zbekiston 24 » telekanali muxbiri Muslima Amanqulova, «Yilning eng yaxshi yosh sportchisi» nominasiyasida O`zbekiston Milliy olimpiya terma jamoasi a`zosi Roziya Ergashevalar sovrindor bo`ldi. O`zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev va O`zbekiston xalq artisti Mirza Azizovlar taqdirladi. «Yilning eng yaxshi yosh blogeri» nominasiyasiga munosib nomzod bo`lmaganligi sababli sovrindor topilmadi. Tanlov g`oliblari eng kam ish haqining 30 baravari miqdoridagi pul mukofoti, statuetka hamda qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandi.

Shahnoza Nurullaeva

    Boshqa yangiliklar