Auditor malaka sertifikatini berish tartibi to`g`risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Nizomga muvofiq, malaka imtihonini topshirish uchun talabgor quyidagi talablardan biriga javob berish kerak:
oliy ma`lumotga, oliy ta`lim muassasasini bitirganidan so`ng oxirgi o`n yil ichida kamida uch yillik audit va buxgalteriya hisobi sohasida ta`lim muassasalarida dars berish bo`yicha amaliy ish stajiga ega bo`lish;
"buxgalteriya hisobi" va "audit" mutaxassisliklari bo`yicha magistr diplomiga va auditorlik tashkilotiga bir yildan kam bo`lmagan amaliy ish stajiga ega bo`lish;
fanbbning iqtisodiy tarmoqlari sohasida ilmiy darajaga ega bo`lish.
Malaka imtihonini o`tkazish uchun Moliya vazirligi tomonidan to`rt kishidan kam bo`lmagan tarkibda komissiya tuziladi.
Imtihon topshirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- ariza;
- pasport nusxasi;
- maxsus ma`lumotni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
- xalqaro buxgalter sertifikati (mavjud bo`lganida) nusxasi;
- mehnat daftarchasining nusxasi;
- 3x4 hajmdagi 2 dona fotosurat;
- eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida yig`im to`langanligini tasdiqlovchi hujjat.
Malaka imtihoni test usulida kompyuterdan foydalangan holda o`tkaziladi.
Test 80 ta savoldan iborat bo`lib, to`g`ri javoblar bo`yicha natija 75 foiz va undan yuqori bo`lsa, imtihon muvaffaqiyatli topshirilgan hisoblanadi.
Malaka sertifikati Vazirlik tomonidan komissiya bayonnomalari olingandan keyin 10 kun muddatda rasmiylashtiriladi.
Sertifikat dastlab besh yillik muddatga beriladi, so`ng uning amal qilish muddatini o`n yilga uzaytirish, auditor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirganda yoki auditor xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo`lganda imtihonsiz amalga oshiriladi.






