O`zbekiston Mudofaa vazirligi «Vatanparvarlik mavzusida eng yaxshi selfi» tanlovini boshladi. Unda barcha fuqarolar ishtirok etishi mumkin, deya xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Yuborilayotgan fotosuratlar O`zbekistonga cheksiz muhabbat, sadoqat, mamlakat tarixi va buguni uchun kuyunchaklik tuyg`ularini, yurtni himoya qilishga bo`lgan intilish, shuningdek, axloqiy va siyosiy prinsiplarni o`zida aks ettirishi kerak.
Harbiy texnika, harbiy qism va muassasalar, shuningdek, boshqa harbiylashgan ob`ektlar fonida suratga tushish ma`qullanmaydi.
Fotosuratlar elektron va chop etilgan nusxalari quyidagi manzilga alohida «Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasiga» yozuvi bilan yuborilishi mumkin: Toshkent shahri, Mirzo Ulug`bek ko`chasi, 100-uy yoki Telegram messenjeridagi raqamiga (+998 97) 743-32-73.
«Eng yaxshi selfi» egasi 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni arafasida aniqlanadi. Materiallar 2019 yilning 5 yanvariga qadar qabul qilinadi.






