Yangi — 2019 yil arafasida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, Mehribonlik va Muruvvat uylari hamda ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 11 nomdagi o`quv qurollari va 17 nomdagi shirinliklardan iborat qariyb 11 ming dona sovg`a mamlakatimizning turli hududlariga jo`natildi, deb xabar berdi "Xalq so`zi" nashri.
— Mazkur ayyomni hammadan ham ko`proq jajji bolajonlar intiqlik bilan kutadi, — deydi O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Dilshod Kenjaev.

— Bu bejiz emas, albatta. Negaki, ko`tarinki ruhda tashkil etiladigan “Prezident archasi” bayram tadbirlarida tuhfa etiladigan “Prezident sovg`asi” orziqqan yuraklarni jamiyatdan mustahkam o`rin topishga undaydi, hamisha mehr-e`tibor og`ushida ekanliklaridan mamnun qiladi.







