AsosiyJamiyat

Joriy yilda mamlakatimizga 4,4 million nafar sayyoh tashrif buyurgan

'Joriy yilda mamlakatimizga 4,4 million nafar sayyoh tashrif buyurgan'ning rasmi

O`zbekiston ziyorat turizmi uchun qulay manzil hisoblanadi. Islom olamida mashhur ko`plab ulamolar yurtimizda yashab ijod qilgan. Shu bilan birga, mamlakatimizda boshqa dinlarga e`tiqod qiluvchilar uchun ham aziz bo`lgan tarixiy qadamjolar ko`p.

Bilamizki, ziyorat turizmi uchun diniy qadamjolarning o`zi etarli emas. Sayyohlarni jalb qilish uchun targ`ibot ishlari yaxshi yo`lga qo`yilishi, qulay viza tartibi, aeroport, mehmonxonalarda ibodat amallarini bajarish uchun shart-sharoit bo`lishi kerak.

2018 yilda mamlakatimizda bu borada qator ishlar amalga oshirildi. Natijada yurtimizga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar soni oshdi.

Ma`lumotlarga ko`ra, joriy yilning 10 oyida mamlakatimizga kelgan xorijlik mehmonlar 4,4 million nafarni tashkil etgan. Bu o`tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 2 baravar ko`pdir. 2017 yilda yurtimizga 2,2 million xorijlik sayyoh kelgan, deb yozmoqda O`zA.

20161216_131920-1024x768.jpg

Viza rejimida afzalliklar

Prezident Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 3 fevraldagi "O`zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo`yicha qo`shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida"gi farmoniga muvofiq, Indoneziya, Malayziya, Singapur, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Isroil davlatlari fuqarolari uchun vizasiz rejim va 39 mamlakatdan keladigan sayyohlarga soddalashtirilgan viza tartibi joriy qilindi. Vizasiz kiruvchi xorijliklar safiga mart oyidan tojikistonliklar, oktyabrdan fransiyaliklar qo`shildi.

Bugungi kunda O`zbekistonda 50 mamlakat fuqarolariga kirish vizalarining soddalashtirilgan tartibi, 101 mamlakat uchun tranzit vizalari joriy qilingan.

Ma`lumotlarga ko`ra, mamlakatimizda yana 20 dan ziyod davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etish rejalashtirilmoqda. Ushbu mazmundagi hujjat loyihasi hozirda hukumat muhokamasida.

Halol turizmga e`tibor kuchaydi

“Halol sayohat” bo`yicha “Crescent Rating” tashkiloti tomonidan 2017 yilda tuzilgan reytingda O`zbekiston 28-pog`onani egallagan edi. Reytingda mamlakatimiz “xavfsiz sayohat” (100 dan 84 ball), “ibodatxonaga kirish erkinligi” (80), “ovqatlanish imkoniyatlari va kafolatlari” (70) yo`nalishlarida yuqori baholangan. Ammo “viza” (50), “aeroport imkoniyatlari” (48,3), “oilaviy ta`til” (44,4), “yashash sharoitlari” (33,2), “musulmonlar uchun imkoniyatlar” (25), “sayyohlarning kelishi” (21,2), “kommunikasiya imkoniyatlari” (19) yo`nalishlarida esa o`rta va quyi darajalarni egallagan.

d3c45564-fe76-46bb-b96d-53cf353a8d10.jpg

2018 yilda reytingda quyi darajada baholangan, kam rivojlangan yo`nalishlarni yaxshilashga e`tibor qaratildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi “Crescent Rating” tashkiloti bilan hamkorlikda mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish bo`yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqdi.

Ushbu tavsiyalar asosida xalqaro aeroportlarda ibodat amallarini bajarish uchun zarur sharoit yaratildi. Malayziyaning MS 2610:2015 “Muslim friendly hospitality services. Requirements” standarti bo`yicha mamlakatimizda “O‘z DSt:2018 Turizm xizmatlari. Musulmon mehmondo`stligi. Talablar” standarti loyihasi ishlab chiqildi.

Ziyorat turizmi sohasidagi eng muhim voqealardan biri yurtimizda ilk bor “Halol” standarti joriy etildi.

Bugungi kunda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan Toshkent shahrida ziyorat turizmini rivojlantirish, ro`yxatga olingan 15 diniy muassasaga tashriflar xaritalari ishlab chiqilmoqda. Indoneziya va Malayziya sayyohlik agentliklari va mehmonlariga mo`ljallangan halol ovqatlanish joylari, milliy oshxonalar, restoranlar, oilaviy tashrif joylari xaritasi tayyorlanmoqda.

Turizm infratuzilmalari: yangi loyihalar

38c5ae96-0e47-4a66-86b0-603bc6fed061.jpg

O`zbekistonda ziyorat turizmining muhim ob`ektlaridan biri Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuidir. Prezidentimizning 2017 yil 27 martdagi “O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq majmua yonida markaz qad rostlamoqda.

Kelgusida ushbu markaz atrofida 1 ta to`rt qavatli katta, 6 ta uch qavatli o`rtacha va 20 ta ikki qavatli kichik mehmonxona, supermarket, yirik savdo markazi, amfiteatr, dehqon bozori, 2 ta tahoratxona, suvenirlar do`konlari, choyxona, restoran, avtomobillar turar joylari, mini-bank va boshqa infratuzilma inshootlari bunyod etiladi.

Mazkur loyihalarni amalga oshirishda xorijlik investorlar ishtirok etmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 24 noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasida mehmonxona biznesini jadal rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bilan Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi va Qurilish vazirligining loyihalashning xorijiy tajribalari, jumladan, Turkiya va Koreya respublikalari tajribasini hisobga olib, namunaviy loyihalar bo`yicha ishlab chiqilgan sig`imi 8-50 nomerli kichik mehmonxona va xostellar qurilishini amalga oshirish to`g`risidagi takliflari ma`qullandi. Mazkur hujjat asosida joriy va kelasi yilda mamlakatimizda 350 dan ziyod kichik mehmonxona va xostellar quriladi.

Yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish bo`yicha sezilarli ishlar boshlandi. Sohada birinchi navbatdagi muammolar qisman echildi. Ammo, hali oldinda ko`plab masalalar, jumladan, mehmonxonalar infratuzilmasini yaxshilash, xorijda O`zbekistonning ziyorat turizmi bo`yicha imijini yaratish kabi vazifalar turibdi.

O`ylaymizki, 2019 yilda bu borada ham ijobiy o`zgarishlar qilinadi.

    Boshqa yangiliklar