Mamlakatimizning olis hududlari bo`ylab elektr energiyasi ta`minotida qisqa muddatli uzilishlar uchrab turayotganligi sir emas. Bu haqda murojaat va e`tirozlarni turli ijtimoiy tarmoqlar hamda axborot saytlari orqali o`qib turibmiz. E`tibor beradigan bo`lsak, bunday uzilishlar va avariyaviy o`chishlar har yili kuz-qish mavsumiga o`tish davrida takrorlanib turadi. Albatta, buning o`ziga yarasha sabablari bor.
Mamlakatimizdagi hozirgi vaqtda ish faoliyatida bo`lgan energetika qurilmalari o`tgan asrning o`rtalarida ishga tushirilgan bo`lib, ularning deyarli 67 foizi eskirgan. Qolaversa, mamlakatimizdagi mavjud elektrostansiyalar ham o`tgan asrning 50-60 yillarida barpo etilgan bo`lib, ularning aksariyatida quvvatlar allaqachon muddatini o`tab bo`lgan. Eng yangisi hisoblangan Taxiatosh IESning ham foydalanishga topshirilganiga 27 yildan oshdi. Qolaversa, aholi sonining ortib, hududlarda yangi uylarning ko`payishi natijasida transformatordan 1,5-2 km. gacha uzunlikda elektr simlarining tortilayotgani tufayli oxirgi istemolchilarimizga uzatilayotgan elektr energiyaning quvvati 220 voltga etmayapti. Transformatorlar 600-800 metrgacha bo`lgan hududdagi istemolchilarga 220 voltni etkaza oladi. Buning ustiga aholining elektr energiyaga bo`lgan ehtiyoji ham yildan yilga oshib bormoqda. Masalan, 2017 yilda iste`molchilarga 47,4 milliard kVt soat elektr energiyasi etkazib berilgan bo`lsa, 2018 yilda esa ushbu ko`rsatkich 50,7 milliard kVt soatni tashkil etishi kutilmoqda.
Qolaversa, aholi tomonidan bitta fazadan boshqa fazaga o`zboshimchalik bilan ulanishi va yuklamalarning bitta fazadan ikkinchi fazaga o`tkazilishi ayrim joylardagi, ayniqsa, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida elektr kuchlanishi pasayishiga, ya`ni me`yordagi 220 voltdan tushib ketishiga sabab bo`layapti. Ta`mirlash va yuklamalarni fazalararo teng taqsimlash ishlari olib borilishiga qaramasdan ma`lum vaqt o`tgach aholi yana o`zboshimchalik bilan bir fazadan boshqa fazaga o`tib olishi, bundan tashqari, yakka tartibda qurilayotgan ko`plab uylarning egalari tomonidan faqat bitta faza orqali ulanishi ham ortiqcha yuklamalarni yuzaga keltirib, qisqa muddatli uzilishlarga sabab bo`lmoqda.
Shu bois hududiy elektr tarmoqlari tomonidan aholining murojaatlari bo`yicha ushbu holatlarni bartaraf etish, ta`mirlash va yuklamalarni fazalararo teng taqsimlash orqali kuchlanishni me`yorga keltirish ishlari olib borilmoqda.
Shu o`rinda Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 23 oktyabrda imzolangan “Elektr energetikasi tarmog`ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorining qabul qilinishi bu boradagi muammolarni hal etishda muhim omil bo`lmoqda. Chunki ushbu hujjatga ko`ra, elektr energiyasi sohasida mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizasiya qilish va yangilarini ishga tushirish bo`yicha loyiha qiymati 2,6 milliard AQSh dollari bo`lgan umumiy quvvati 1 984 MVt 7 ta investisiya loyihalarini amalga oshirish belgilandi. Shuningdek, jalb qilinadigan kreditlar va “O`zbekenergo” AJning o`z mablag`lari hisobidan yiliga umumiy uzunligi 7,1 ming kilometr bo`lgan yangi elektr tarmoqlarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, 2500 ta transformator punktini o`rnatish va modernizasiya qilish loyihalarini amalga oshirish ishlari boshlandi.
Bundan tashqari, “O`zbekenergo” AJ tomonidan “Obod qishloq” hamda “Obod mahalla” davlat dasturlari asosida o`z mablag`lari va xorijiy investisiyalar orqali butun mamlakatimiz bo`ylab rekonstruksiya va modernizasiya ishlari ham jadal amalga oshirilmoqda.
Umuman olganda, olis hududlarda istiqomad qilayotgan aholining elektr energiyasi ta`minotidagi qisqa muddatli uzilishlarga barham berish borasida tizimli choralar ko`rilmoqda.






