Xabaringiz bor, O`zbekiston futbol assosiasiyasi Germaniyaning Jako kompaniyasi bilan shartnoma imolagan va ushbu shartnomaga ko`ra O`zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi - 2019 dan boshlab yangi liboslarda maydonda to`p surishi belgilab qo`yilgandi.
Bugun Milliy olimpiya qo`mitasi binosida O`zbekiston milliy terma jamoasining yangi libosi taqdimoti bo`lib o`tdi. Marosimda O`zbekiston futbol assosiasiyasi Terma jamoalar departamenti direktori Sharofiddin Hojiniyozov, Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Olim Arifov, shuningdek, O`FA mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi. Yig`ilganlarga milliy terma jamoamiz uchun Jako kompaniyasi tomonidan tayyorlangan yangi formalar namoyish qilindi.
O`FA Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Olim Arifov Jako kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma bo`yicha yig`ilganlarga quyidagilarni ma`lum qildi: "O`zbekiston futbol assosiasiyasi terma jamoamizga libos etkazib beruvchi bir qator kompaniyalar bilan muzokara o`tkazib, yakunda Germaniyaning Jako kompaniyasi bilan shartnoma imzolaganidan xabaringiz bor. Bu kompaniya biz uchun manfaatli bo`lgan shartlar asosida bizga liboslarni taqdim qilmoqda. Milliy terma jamoamiz a`zolariga 116 xil libos va aksessuarlar bepul taqdim qilinsa, qolgan terma jamoalarga 50 foizli chegirma asosida formalar etkazib beriladi.
Etkazib berilayotgan liboslar ichida har qanday ob-havo sharoitida mashg`ulot o`tkazish va maydonda harakat qilishga mo`ljallangan libos va aksessuarlar mavjud.
Jako kompaniyasi bilan 3 yillik shartnoma imzolangan bo`lib, Milliy terma jamoamiz Jahon chempionati saralashida muvaffaqiyatli qatnashsa, shartnoma muddati uzaytiriladi va shartlari qayta ko`rib chiqiladi", - deya o`z fikrlarini bildirib o`tdi Olim Arifov.
O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zolari mazkur liboslarda Birlashgan Arab Amirliklari yashil maydonlarida bo`lib o`tadigan Osiyo Kubogi musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etishini tilab qolamiz!