AsosiyJamiyat

​Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig`i tadbirkorlar bilan uchrashdi

'​Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig`i tadbirkorlar bilan uchrashdi'ning rasmi

Sergeli tumanida mamlakatimiz soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatiga bag`ishlangan seminar tashkil etildi. Unda 500 nafardan ziyod tadbirkorlik sub`ektlari vakillari ishtirok etdi.

Yuzma-yuz muloqot jarayonida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig`i N.Tursunov, Sergeli tuman hokimi N.Xusanov, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig`i J.Mirpo`latov kelgusi yildan soliq qonunchiligiga kiritilayotgan o`zgarish hamda yangiliklar xususida ishtirokchilarga batafsil tushuntirish berdi.

Qayd etilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 29 iyundagi “O`zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to`g`risida”gi farmoniga asosan, xodimlar sonidan qat`i nazar, tovar aylanmasi 1 milliard so`mdan yuqori bo`lgan sub`ektlar umumbelgilangan soliq to`loviga o`tadi.

– Bugun mamlakatimiz soliq ma`muriyatchiligida yangi tizim yaratildi. Ya`ni, soliq xizmati organlari tekshiruvchi emas, xizmat ko`rsatishga yo`naltirilgan idoraga aylanmoqda, – dedi Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig`i Normat Tursunov. – Jumladan, poytaxtimiz tadbirkorlari uchun qo`shimcha qulayliklar yaratish maqsadida barcha tuman davlat soliq inspeksiyalarida “Maslahat xizmatlarini ko`rsatish” darchalari tashkil etildi. Bundan tashqari, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan yillik aylanmasi 1 milliard so`mdan oshgan tadbirkorlik sub`ektlarini o`z vaqtida umumbelgilangan soliq to`lashga o`tkazish yuzasidan poytaxtimizning barcha tumanlarida o`tkazilgan tadbirlarda 4 mingga yaqin soliq to`lovchilar ishtiroki ta`minlandi. O`ylaymizki, bugungi seminarda har bir ishtirokchi o`zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oladi hamda barcha muammolar shu erda hal etiladi.

Ma`lumotlarga ko`ra, Sergeli tumanida amaldagi soliq qonunchiligi asosida 108 ta qo`shilgan qiymat solig`i to`lovchilar mavjud bo`lib, ular tomonidan byudjetga 149,2 mlrd so`m tushum ta`minlangan. Joriy yilning 9 oyi yakunlari bo`yicha tumandagi yillik aylanmasi 1 milliard so`mdan oshgan 430 ta yagona soliq to`lovchilar kelgusi yildan umumbelgilangan soliqlarni to`lashga o`tadi.

Seminarda soliq to`lovchilar soliq sohasiga oid savollarga tezkor javob topishi uchun “Telegram” ijtimoiy tarmog`ida Sergeli tuman davlat soliq inspeksiyasining rasmiy kanali (Sergeli-platelshiki NDS, @Nodir0033, @Dilorom56, @DIDI9454) ochilgani ma`lum qilindi.

Shuningdek, tumani davlat soliq inspeksiyasining malakali xodimlaridan iborat maslahat guruhi tashkil etilib, joylarga chiqqan holda tadbirkorlik sub`ektlariga amaliy yordam ko`rsatilmoqda. Jumladan, Sergeli tumanida ruyxatdan o`tgan «Ariya teks» mas`uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurib, korxona hisobchisi va rahbari ishtirokida qo`shilgan qiymat solig`i tizimiga o`tish tartibi to`g`risida batafsil malumotlar berildi.

Seminarda ishtirokchilarga qo`shilgan qiymat solig`ini hisoblash tartibi aks etgan videorolik ko`rinishidagi 500 dan ziyod qo`llanma hamda bukletlar tarqatildi.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi

Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho``basi

    Boshqa yangiliklar