Toshkentdagi Mirobod kompyuter texnologiyalari kollejida O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzridagi Huquqbuzarliklarning oldini olish bosh boshqarmasi tomonidan tadbir uyushtirildi, deb xabar bermoqda UzReport.
Tadbir chog`ida O`zbekistonda voyaga etmaganlar o`rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida SMS-turniket tizimi joriy qilinayotgani qayd etildi. Bunday tizim ilk marta 2012 yilda Mirobod kompyuter texnologiyalari kollejida joriy etilgan.
Tizim mohiyati shundan iboratki, muassasa o`quvchilari, o`qituvchilari va boshqa xodimlariga maxsus elektron karta beriladi; turniketdan o`tish uchun shu karta maxsus tablo yoniga keltiriladi; kartadagi ma`lumot avtomatik ravishda o`qilib, agar u ro`yxatdan o`tgan bo`lsa turniket ochiladi. Aks holda, turniket bloklanib turaveradi. O`quvchi binoga kirib-chiqqanda, ota-onasiga uning kollejga kirgani yoki chiqqanini tasdiqlovchi SMS xabar jo`natiladi.
Mirobod tumani Ichki ishlar bo`lami voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha inspektori Nigora Komilovaning so`zlariga qaraganda, hokimiyatlar va mahalla qo`mitalari bilan birgalikda ushbu tizimni Toshkent shahridagi boshqa o`quv muassasalariga ham kiritish uchun tegishli ishlar olib borilmoqda.