AsosiyJamiyat

Adashgan yigitni Ishtixon tumani hokimligi otaliqqa oldi

'Adashgan yigitni Ishtixon tumani hokimligi otaliqqa oldi'ning rasmi

Fozil Ishtixonning Ravot qishlog`ida yashaydi. Otasi u bolaligida vafot etgan. Onasi esa xastalik tufayli to`shakka mixlanib qoladi va uzoq yillik dard tufayli bu dunyoni erta tark etadi.

Oilaga to`ng`ich farzand bosh bo`lib qoldi. Aka aka-da, oilada ota-onaning o`rni hech kim bosolmaydi baribir. Bu ayniqsa, Fozilga juda bilinardi. Ko`ngli kemtik bo`lib o`sgan yigit hayotda o`z o`rnini topishga qiynaldi. Ertangi kuni qanday bo`lishini tasavvur qila olmas edi. Ana shunday kunlarning birida 2017 yil mart oyida u o`rtog`i bilan qo`shnisining uyiga kirib, hovlidagi gaz balonini o`g`irlaydi.

Ammo bu harakatining oqibatini o`ylab uydan qochib ketadi. Oila a`zolari, Ravot mahalla fuqarolar yig`ini faollari daraksiz ketgan Fozilni izlashadi, lekin hech qaerdan topa olishmaydi.

Shundan so`ng ichki ishlar idoralariga murojaat qilishadi. Uzoq vaqt olib borilgan qidiruvlar natijasida daragi topilgan o`g`il o`z oilasiga qaytarildi, deb yozmoqda O`zA

Fozil uyiga qaytarildi, mahalla ahli uni kechirdi – bu bilan muammo hal bo`lib qolmaydi, albatta. Shu sababli tuman hokimligi oilani otaliqqa oldi. Uy-joyni ta`mirlash, oila a`zolariga zarur moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatishga kirishildi. Ro`zg`orga baraka ensin degan niyatda sog`in sigir berildi. Adashgan yigit esa tuman yo`l qurilishi bo`limiga ishga joylashtirildi, to`g`ri yo`lga boshlandi.

– Mahallamiz ahlining bag`rikengligi, bu oilaga e`tiborsiz emasligi tufayli hozirda ularning tomorqasida issiqxona qurib berishga qaror qildik, – deydi Ravot MFY raisi Oydin Mingboeva. – Oila qaramog`idagi boshqa farzandlarga ham zarur tibbiy, ijtimoiy yordam ko`rsatilmoqda. Biz ularni o`zimizdan chetlashtirmayapmiz, aksincha, bag`rimizga olishga harakat qilyapmiz.

    Boshqa yangiliklar