4 fevral, dushanba kuni kechqurun Sariariq tumanidagi Koktal-1 mavzeida joylashgan xususiy turar joy binosida vaqtinchalik boshpanada yong`in chiqdi. O`t o`chiruvchilar komandasi etti daqiqada hodisa joyiga etib keldi. Brigada etib kelganidan bir necha daqiqa o`tib boshpana tomi bosib qoldi. Yong`in maydoni 30 kvadrat metrni tashkil qildi.
Favqulodda vaziyatlar qo`mitasining ma`lum qilishicha, yong`in “101” pultiga kelib tushgan xabardan bir soat o`tib o`chirilgan. Yong`inga qarshi kurash xizmati xodimlari tomonidan yong`in joyidan besh nafar: 2006, 2008, 2013, 2015 va 2018 yillarda tug`ilgan bolalarning jasadi topildi.
Ostonadagi boshpanada yuz bergan yong`in vaqtida halok bo`lgan bolalarning hammasi bir oila farzandlari edi. Yong`in vaqtida bolalar uyda yolg`iz qolgan edi. Oila qarindoshlarining aytishlaricha, besh bolasidan ayrilgan ota Texnik xizmat ko`rsatish stansiyasida payvandchi bo`lib ishlaydi, ona esa uch kun avval plastik kartalar ishlab chiqaradigan zavodga ishga kirgan edi.
Dushanba kuni ertalab Ostona shahar hokimi Baxit Sultanov bir oilaning besh farzandi halok bo`lgan yong`in munosabati bilan favqulodda majlis o`tkazdi.
Ostonadagi turar joy mavzelarida isitish mavsumi boshlanganidan beri favqulodda vaziyatlar departamentining muhandis-inspektor tarkibi reyd tadbirlarini o`tkazayotganiga qaramay, hokim fojianing asosiy sababi sifatida “FV departamenti tomonidan yo`l qo`yilgan kamchilik” ekanini qayd qildi.
Poytaxt hokimiyati matbuot kotibi Elmira Jurgenbaeva jurnalistlar uchun o`tkazilgan matbuot anjumanida oila ko`p bolali sifatida ro`yxatda turganini ta`kidlab o`tdi.