Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida 10 noyabr, dushanba kuni Yoshlar madaniyat va san`at markazi taqdimoti bo`lib o`tadi. Bu haqda markaz vakillari Kun’ga ma`lum qilishdi.
Ma`lum qilishlaricha, taqdimot marosimida Yoshlar madaniyat va san`at markazining loyihalaridan biri bo`lgan «E`tirof-2014» tanlovining taqdirlash marosimi xaqida axborot beriladi.
Shuningdek, markaz tomonidan ilk bora tashkil etiladigan loyihalar — «Yil qo`shig`i», «Kuyla, yoshligim», «Ovoz» teleloyihalari, «Sen-iste`dodlisan», «Bolalik olami» ko`rik-tanlov va festivallari haqida batafsil ma`lumot berilishi rejalashtirilgan.
Ma`lumot uchun, Yoshlar madaniyat va san`at markazi O`zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 14 avgustdagi «Yoshlar madaniyat va san`at markazi» faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga asosan tashkil etilgan.
Markazning asosiy vazifalari umidli ijodkor va iqtidorli yoshlarni izlab topish, qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish hamda konsert, festival, ko`rik-tanlov va turli madaniy shou-tomosha tadbirlarini o`tkazishdan iborat.
Ma`lumot uchun, so`nggi ikki mavsumdan beri kelib chiqishi o`zbekistonlik bo`lgan xonandalar (Sevara Nazarxon, Nargiz Zokirova) Rossiya televideniesida «Golos» («Ovoz») tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelishayotgan, ularning ishtiroki O`zbekistonda ham faol kuzatib borilayotgan edi.