Albatta, har bir yaxshi niyatli inson mehnat qilib farovon hayot kechirsam, deydi. Lekin, bu istak insonni zinhor xo`rlik va zorlikka mahkum qilmasligi kerak. O`tgan asrning so`nggi yillarida mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida "odam savdosi" yoki "traffik" yuridik atamasi tez-tez ishlatila boshlandi. Yigirma birinchi asrga ham “meros” bo`lib o`tgan bu atama haqida bugun hatto maktab o`quvchisi ham muayyan tasavvurga ega. Biroq, baribir, ayrimlar yo bilib, yo bilmay qimmatli hayotini garovga qo`yayotgani achinarlidir...
Xorijdan o`ziga ish taklif qilinayotgan fuqaro eng avvalo nimalarni bilishi kerak?
Xorijdan o`ziga ish taklif qilinayotgan fuqaro va ish beruvchi o`rtasida mehnat shartnomasi imzolanishi kerak. Mehnat shartnomasida (kontraktda) ishning barcha shartlari, jumladan xarakteri, muddati, oylik maosh miqdori, ijtimoiy kafolatlar qayd etilgan bo`lishi kerak.
Masalan, Rossiya, Qozog`iston, Koreya davlatlarida ishlashni istaganlar qaerga murojaat qilishi mumkin?
Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 12 noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 505-sonli Qaroriga binoan respublikamizda tashqi mehnat migrasiyasi masalalari faqatgina Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi vakolatli idora – Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari Agentligi hamda Fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish bo`yicha Toshkent, Farg`ona, Nukus, Buxoro, Qarshi mintaqaviy byurolar zimmasiga yuklatilgan.
Shuningdek, 2006 yilda Koreya Respublikasi Mehnat vazirligi bilan O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi o`rtasida “Bandlikka ruxsat berish tizimi bo`yicha ishchi kuchini Koreya Respublikasiga yuborish to`g`risida” ikki davlat vazirliklari o`rtasida o`zaro imzolangan Memorandumga asosan amalga oshiriladi.
Boshqa davlatlar bilan xususiy shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Xususiy mehnat shartnomalari bo`yicha chet ellarda ishlashni xohlovchilardan qanday hujjatlar talab etiladi?
Fuqarolarning xususiy mehnat shartnomalari bo`yicha chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bog`liq chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish belgilangan shaklga muvofiq beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi. Mazkur ruxsatnoma berilganidan keyin fuqarolar chet elga chiqishni rasmiylashtirish uchun o`zlari yashab turgan joydagi Ichki ishlar vazirligining xorijga chiqish, kirish va fuqarolik bo`linmalariga ariza bilan murojaat qiladilar.
Bundan tashqari xususiy mehnat shartnomasiga ega bo`lgan fuqaroning chet elda ijtimoiy muhofazalanishini ta`minlash maqsadida fuqaro tomonidan Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligiga tegishli hujjatlar nusxalari taqdim etiladi.
- ariza;
- xorijiy firmadan (ish beruvchidan)
olingan davlat tiliga tarjima qilingan, barcha ijtimoiy kafolatlar va tibbiy sug`urta ko`rsatilgan, shuningdek mehnat vizasi (EMPLOYMENT VIZA) bilan ta`minlash borasida ish beruvchining majburiyati nazarda tutilgan holda notarial tasdiqlangan va O`zbekiston Respublikasining chet eldagi konsullik muassasasi tomonidan legalizasiya qilingan kontrakt nusxasi;
- ish beruvchi to`g`risidagi qisqa ma`lumotlar;
- ma`lumotnoma-xolisnoma;
- O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tegishli shakldagi sog`ligining holati to`g`risida ma`lumotnoma.
Ish berish uchun shartnoma necha yil muddatga tuziladi?
Fuqaro Koreya ish beruvchisi bilan uch yil muddatga mehnat shartnomasi tuzadi. Mehnat shartnomasi muddati tugagach, fuqaro ish beruvchi bilan kelishilgan xolda shartnomasini ikki yillik muddatgauzaytirishi mumkin. Yuqorida bayon qilinganlarga binoan shartnoma uzaytirilgan taqdirda mazkur shartnomaning umumiy muddati besh yil hisoblanadi.
IShONCh TELEFONLARI BORMI?
Xorijdan o`ziga ish taklif qilinayotgan fuqarolar Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligida joriy etilgan 8.371.214-30-76; 8.371.214-54-36 raqamli ishonch telefonlariga qo`ng`iroq qilishlari mumkin.
Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi bilan hamkorlikda tayyorlandi.
manba:pressnews.uz