“Surxon” guruhi bilan suhbatimiz tongi soat 9:00 ga belgilandi. To`g`risi, odatda xonandalar bilan kunning birinchi yarmida uchrashib suhbat qurish ancha muammo! Suhbat guruhning ofisiga belgilandi. Eshikdan kirishim bilan To`lqin aka “Mehmon keldi, oshni harakatini qiling!” desa, Ilhom aka o`rindiqni ko`rsatib “to`rga — ko`rpachaga o`ting” deya hazil qilishdi. Suhbatimiz mana shunday kayfiyatda boshlandi va ma`lum nuqtalarda jiddiylashdi ham...
— “Surxon” guruhi faoliyatini qaysidir ma`noda noldan boshladi. Bosib o`tilgan yo`lni yana qaytadan yurish malol kelmadimi?
Ilhom Mamataliev: — Yo`q, malol kelmadi. Chunki yigitlar bilan yangi yo`ldan yurdik va qaysidir ma`noda ko`zlagan maqsadimizga ham erishdik.
— Ilhom aka aytgan “erishish” darajasini qanday belgilasak bo`ladi?
Arkadiy Mam: — San`atda erishganingizni ma`lum raqamlar bilan isbotlab berolmaysiz. Lekin vaziyatga hamisha imkoniyat nuqtai-nazaridan yondashgan ma`qul. Oldimizga qo`ygan katta maqsadlarimiz bor. Reja asosida o`sha tomonga qarab ketyapmiz. Birdaniga katta yutuqlarga erishib bo`lmaydi. Maydonda o`zingizni chin ma`noda isbotlashingiz uchun yillar kerak bo`ladi.
— Dastlabki pallalarda tashqaridan bildirilgan ishonch sizlar uchun etarlimidi?
Odiljon Karimov: — Albatta, hech kimda hatto o`zimizda ham yuz foiz ishonch bo`lmagan. Tan olish kerak, qandaydir xavotirlar bo`lgani rost. Ammo yuqorida Arkadiy aka aytganidek, yillar davomida imkoniyatlarimizni ochishga harakat qildik. Masalaning yana bir tomoni, biz o`sha paytda maydonda tasodifan paydo bo`lmadik yoki tajribasiz ham emasdik. Har birimizda san`at haqida fikr ham, tajriba ham bor edi. Aynan shu holat bizning yutug`imiz bo`ldi.
To`lqin Fayziev: — Ishonch o`zaro hamkorlikda rivoj topadi. Guruhda to`rtta yigitmiz, lekin hammamizning ijod masalasida yakdilligimiz bor. Shu sabab ketma-ket qo`shiqlar, konsertlar tashkil qildik.
— Qo`shiqlar, konsert dasturlari, reklama... O`zini oqladimi?
I.M.: — Albatta, qilingan har bir harakat mevasini beradi. Bugun biz 15 tilda qo`shiq kuylay olamiz, respublikamizning chekka hududlarida konsertlar berdik, tinglovchilarimiz bor.
O.K.: — Agar ijodingizda tanaffus qilsangiz, uning o`rnini to`ldirish uchun yana ma`lum davrni qaytadan yashab o`tishga to`g`ri keladi. Shu sabab ketma-ketlik muhim. Lekin sifat va talab masalasini yoddan chiqarmaymiz.
— Fikrimcha, reklamaga e`tiborni ko`p qaratasiz? Natija siz kutgandek bo`lyaptimi?
M.A.: — Nafaqat shou-biznes, balki biznes olami istaysizmi yo yo`q reklamaga tayanadi. Natijaga kelsak, boshqalarga bilinmas, ammo bizning nazarimizda etarlicha bo`lyapti.
O.K.: — Bizning xatti-harakatlarimiz kimdandir kuchlimiz yo biz zo`rmiz, degan fikrdagi ijodga qaratilmagan. Reklama o`zimiz, ijodimiz uchun! Shuning uchun natijasi ham o`zimizga ko`proq seziladi. Har bir ijodkor xalqqa hisobot berishga majbur. Bu konsertlarimizda, sotuvga chiqqan albomlarda aks etadi.
— Bugun “Surxon”ning o`z repertuari shakllandimi?
O.K.: — Tanish-bilishlardan “repertuaringiz boyibdi, yaxshi qo`shiqlaringiz bor”, degan e`tiroflarni ko`p eshityapmiz. Ammo bu fikrlar “bizda repertuar shakllandi”, degan xulosani tug`dirmaydi. Izlanish hech qachon zarar qilmaydi.
I.M.: — Ijodda ko`ngilning to`lishi qiyin. Yutuq ham, kamchilik ham albatta o`zimiz uchun ma`lum bo`ladi.
O.K.: — Repertuarimizga qaysi qo`shiq kerak, qanday uslub ko`proq ma`qulligi ustida ko`p bahslashamiz va bir qarorga kelamiz. Xullas, hali repertuarimiz shakllandi, deyolmaymiz, ammo o`z qo`shiqlarimiz bor.
— “Bir yoqadan to`rtta bosh”... Qulayligidan murakkabligi ko`proqdir?
O.K.: — To`g`ri! Chunki har birimizni shaxs sifatida o`z qarashlarimiz bor.
M.A.: — Murakkab emas, juda murakkab!
I.M.: — 15 yildan beri bir-birimizni bilamiz. Guruhda hammaning zimmasida belgilangan mas`uliyat bor. Har kim o`z chekiga tushganini samimiy bajaradi.
— Professional san`at “to`ybop” qo`shiqlarning soyasida qolib ketayapti? Sizning ijodingizda bu holatning soyasi seziladimi?
O.K.: — Albatta talabga qarab ijod qilamiz. Lekin saviyasizlik bilan emas.
M.A.: — Yaxshi qo`shiq, degan tushuncha bugun biroz o`zgargan. Muhimi, san`atkor albatta o`z “pozisiya”sini saqlab qolishi kerak.
T.F.: — Yana bir holat — to`y egalarining saviyasi ham bu erda muhim! Har bir odam o`z dunyoqarashiga qarab san`atkor tanlaydi. Ana o`sha jarayonda “to`yboplik” va professionallik aniq ko`rinadi.
I.M.: — Bugun to`yxonada chiroyli yigit va qiz mikrafon tutib, bemalol fonogrammani “urayotgani” achinarli. Kulgilisi, ular umuman qo`shiq aytishni bilmaydi. Shunchaki, chiroyli va tayyor qo`shiqqa og`iz qimirlatib pulini olib ketadi.
M.A.: — Yana bir hayron qolarli jihati: ularning har kuni to`yi bor!
I.M.: — Yaqinda bir tanishim to`y qildi, bir nechta guruhni so`rashdi. U so`ragan guruhlarni biz tanimadik. Mana shunday holatlar to`yga nisbatan munosabatni o`zgacha shakllantiryapti. Vaholanki, xalqning orasida haqiqiy baho olinadi.
M.A.: - Biror mashhur xonandaning qo`shig`iga bittasi og`zini qimirlatib turganini oddiy tinglovchi ham ajrata oladi. Ammo bir maneken og`zini qimirlatib turganiga hech e`tiroz bildirmaydi.
O.K.: — Savolga qaytsak, agar ijodning ma`lum qonun-qoidalariga to`g`ri yondoshilmasa, tushunmovchiliklar ko`payaveradi. To`ybop qo`shiq albatta raqsga tushadigan bo`lishi kerak, degan qarashning o`zi noto`g`ri.
— Ijodda bamaslahat ish yuritasiz. Lekin moddiy masalalar bor. Ya`ni, bir butun non to`rtga bo`linadi...
O.K.: — Bir-birimiz bilan ancha yillardan buyon birgamiz. Demak, bu borada kelishish biz uchun murakkab emas.
I.M.: — Siz aytayotgan bo`lakni biz butun, deb qabul qilamiz. Ana o`shanda muammoga hojat qolmaydi.
— “Surxon”ga “piar” kerakmi?
O.K.: — Bizga shaxsiy “piar”lar kerak emas! Ijod nuqtai-nazaridan bo`lsa, o`ylab, lozim topsak qabul qilamiz. Ammo me`yoridan o`tgan, kimnidir shaxsiyatiga tegadigan holatlarni oqlamaymiz.
— Tashqarida Mahmud Namozov va “Surxon” guruhi munosabatlarining tahlili davom etayotgandek, nazarimda. Nima deb o`ylaysiz, mavzu eskirmadimikan?
I.M.: — Munosabatlarimiz haqida yozayotganlar hamisha yomon tomonlarni izlashadi. Lekin bir haqiqat Mahmud aka haqida 2000 yilda qanday fikrda bo`lsak, hamon shunday...
O.K.: — Bu vaqt bilan bog`liq jarayon. O`rtamizda muammo va ginalar uchun asos yo`q.
M.A.: — Ba`zida xizmatda “Mahmud aka qani?” deb so`rab qolishadi. Axir besh yildan buyon alohida ijod qilayotganimiz oydek ravshan-ku! Odamlarga qandaydir g`iybatlar kerakligidan xafa bo`laman. Har bir odamni o`z xohish-istagi bor. Masalaga shunday yondoshilsa turli talqinlarga o`rin qolmaydi.
O.K.: — Afsuski, hamma ham vaziyatni to`g`ri tahlil eta olmaydi va har bir odamga munosabatlar haqida axborot berib bo`lmaydi. Aytganingizdek, bu mavzuga boshqa qaytilmasa yaxshi bo`lardi.
Kimdir haqida bir og`iz so`z aytish aqlli odam uchun oson bo`lmaydi. Guruh yigitlari bilan “niqob”siz suhbatlashishga intildik. Haqiqat shuki, e`tibor bor joyda e`tiroz, yutuqlar bor erda kamchilik bo`ladi. Muhimi, har qanday vaziyatda ham munosabatlardagi oydinlik va samimiyat! Bu borada “Surxon” guruhiga havas qilsa bo`ladi.
Sevdo NIYoZOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV





