AsosiyJamiyat

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Xitoy delegasiyasi bilan uchrashuv bo`lib o`tdi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 10 noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Xalq siyosiy maslahat kengashi milliy qo`mitasi raisining o`rinbosari, millatlar ishlari bo`yicha davlat qo`mitasi raisi Van Chjenvey rahbarligidagi delegasiya bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Dilorom Toshmuhamedova muloqot chog`ida O`zbekiston bilan Xitoy o`rtasidagi munosabatlar o`zaro ishonch, hurmat, tenglik va manfaatdorlik, strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanayotganini, bunda davlatlar rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo`lib xizmat qilayotganini alohida ta`kidladi.

Uchrashuvda O`zbekiston va Xitoyning qonun chiqaruvchi organlari o`rtasidagi hamkorlikning turli yo`nalishlariga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini yanada mustahkamlashda parlamentlararo hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi ta`kidlandi.

«O`zbekiston iqtisodiyoti jadal taraqqiy etmoqda, — dedi Van Chjenvey. — Mamlakatingizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik ko`plab sohalarda izchil rivojlanayotgani bizni g`oyat quvontiradi. Do`stlik va o`zaro manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan aloqalarimizni yanada mustahkamlash, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish tarafdorimiz».

Xitoy delegasiyasi a`zolari shu kuni O`zbekiston Respublikasi Baynalmilal madaniyat markazida ham muzokara o`tkazdi.

    Boshqa yangiliklar