AsosiyJamiyat

«Ebola» virusi topilgan mamlakatlarga sayyohlik safarlari to`xtatildi

“Ebola” virusining O`zbekiston hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida Tashqi ishlar vazirligi va “O`zbekturizm” MKga “Ebola” virusi tarqalgan mamlakatlarga (Gvineya, Serra-Leone, Liberiya, Kongo Demokratik Respublikasi, Nigeriya, Senegal va Mali) va ulardan O`zbekistonga qilinadigan sayyohlik va boshqa safarlarni vaqtinchalik to`xtatish topshirildi, deya xabar beradi “O`zbekturizm” Milliy kompaniyasining matbuot xizmati.
Mazkur qaror shu yilning 27 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasining Epidemiyaga qarshi kurashish bo`yicha favqulodda komissiyasi majlisida 23-sonli bayonnoma bilan qabul qilindi.
Shu munosabat bilan Kompaniya ushbu mamlakatlarga sayyohlik va boshqa safarlarni to`xtatishni hamda mazkur mamlakatlarga/dan sayyohlik safarlarini tashkil etishda xavfsizlik choralarini qabul qilishni so`raydi.
Shu bilan birga “O`zbekturizm” MK Sog`liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ushbu virusdan samarali himoya qilish, shu jumladan dastlabki profilaktik choralar bo`yicha yo`riqnoma ishlab chiqilmoqda. Ushbu yo`riqnoma sayyohlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi sub`ektlar orasida tarqatiladi.
Eslatib o`tamiz, yaqinda O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi o`z saytida Ebola virusi haqida tez-tez beriladigan savollarga javoblarni joylashtirgan edi.
BMTning Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, Ebola virusiga chalinish holatlari AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Germaniyada qayd etilgan, shuningdek ushbu virus Rossiya, Belorussiya, Moldova, Avstraliya va Yaponiya hududiga kirgani to`g`risida shubhalar mavjud.

    Boshqa yangiliklar