AsosiyJamiyat

Jamiyatda gazetalarga talab bor, faqat...

'Jamiyatda gazetalarga talab bor, faqat...'ning rasmi

Gazetalar obunasi, ya`ni kelajagi shu qadar keng muhokama bo`ldiki, ayrim hamkasblarimiz bir-birini so`kishishgacha, haqoratlashgacha bordi. Birov yon berishni istamas, chala, to`mtoq fikrlar orasida haqiqat ko`rinmay ketardi.

Ammo 2019 yil axborot bozorida sarak sarakka, puchak puchakka ajralgani rost. Avval obuna tufayli (bugun mavzu eski bo`lsa-da, shu so`zni ishlatmaslikka qaror qildim) xotirjam kun kechirgan gazetalar endi qiyin ahvolga tushdi, ayrimlari yopildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bahs va tortishuvlar jarayonini kuzatdik va kuzatmoqdamiz. Ammo bugun boshqa jihatga e`tibor qaratmoqchiman.

Aksar mutaxassislar gazetalarning umri tugadi, endi har qanday urinish befoyda, degan uzil-kesil to`xtamga keldi. Ammo bu tugal fikr emasdi. Haqiqatan, uzoq yillar “Darakchi” gazetasiga o`zbek sariq matbuoti asoschisi, ilg`ori, shou-biznes axborot maydoni sifatida qarab kelindi va hanuz fikrida sobitlar talaygina.

Bir vaqtlar boshqa gazetalarning ham davru davronida 250 minglik dovondan oshgan “Darakchi” so`nggi yillarda 60-70 mingga tushib qolgandi. Onlayn nashrlar keskin oshgan bir paytda tiraj kamayishi tabiiy holat tuyilsa-da, barcha gazetalar singari ertami-kechmi“Darakchi”ning ham o`sha jarlikka qulashi oydinlashardi... Albatta, o`z axborot bozorida u hamon etakchi, adadi salmoqli esa-da auditoriyasi qisqarib borayotgani tahlikali edi.

...Yaqinda “Darakchi”ni varaqlab, o`sha stereotiplar ko`z o`ngimda ostin-ustun bo`ldi, go`yo. O`zim shu sohada faoliyat yuritsam-da, ancha bo`lgandi, gazetani ko`rmaganimga.

“Darakchi”ning hajmi oshibdi, shou-biznes deyarli yo`q, bo`lsa ham oxirida bir-ikki sahifa, boshdan-oxir, zalvorli maqolalar, haftaning eng muhim xabarlari tahlili, savollarga javoblar, diniy, tibbiy, tarixiy, huquqiy sahifalar... biror betini o`qimasdan keta olmaysiz!

Bir vaqtlar men ham o`sha “sarg`imtil” matbuotda ishlaganman. Davlat nashrlarining “otaxon jurnalistlariyu korchalonlari” bizga bepisand qarab, noprofessionallikda ayblashardi.

Yillar suronida davlatu nodavlat gazetalar chirpirak bo`ldi. Hamma oqim bo`ylab, yakunga qarab suzib ketayotgan bir paytda “Darakchi” hamon odimlamoqda, gazetaga hanuz talab bor!

Aytish kerakki, oxirgi oylarda “Darakchi” adadi muntazam oshmoqda va bugun 90 mingga etdi. Ana, ishlasa, “sariqlik” maqomidan qutilib zamon talabiga moslashsa, xalq ko`nglidagi mavzular, muammolarni yoritib, nafaqat jon saqlab tursa, balki rivojlansa ham bo`lar ekan-ku!..

Ha, “Darakchi”ni bir olib, varaqlang, qaysi bosma nashr bugun bunday keng hajmda, talabgir axborot etkazayapti?, deging keladi shu paytda eski nigohda boquvchilarga qarata.

Demak, “Tubdan takomillashtirish, yanada rivojlantirish, bo`lib o`tdi, amalga oshirildi...” kabi shablon gaplardan qochish va aniq, tezkor ma`lumotni etkazishda sariq matbuotdan o`rganish ham kerak ekan. Hamma gap bekor, ishlasa, intilsa gazetaga hali ham talab bor.

Abror Zohidov, jurnalist

O`zAdan olindi.

    Boshqa yangiliklar