Professional boksning super engil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan o`zbekistonlik Shahram G`iyosov (7-0, 6 KO)aprel oyida o`zining sakkizinchi jangini o`tkazadi. Bu haqda GoSport.uz xabar bermoqda.
Ma`lumotlarga ko`ra, Shahram 26 aprel kuni navbatdagi jangi uchun ringga ko`tariladi. Hozircha unga kim raqiblik qilishi ma`lum emas. Jang Kaliforniya shtatining Inglvud shahrida joylashgan mashhur kazino markazi Forum saroyida bo`lib o`tadi.
E`tiborli tomoni, mazkur boks oqshomining markaziy jangida ikkinchi yarim engil (-55,34 kg) vazn toifasining WBA chempionlik kamari sohibi amerikalik Daniel Roman (26-2-1, 10 KO) va IBF kamari egasi avstraliyalik Terens Doeni (21-0, 15 KO) kamarlarni birlashtiruvchi jangda ishtirok etadi. Jang g`olibi boshqa bir o`zbekistonlik bokschi Murodjon Ahmadalievga (5-0, 4 KO) qarshi ringga chiqadi.
Inglvudda bo`lib o`tadigan mazkur boks oqshomi Matchroom Boxing promouterlik kompaniyasi rahbari Eddi Hirn va Thompson Boxing Promotions kompaniyasi rahbari Ken Tompson tomonidan tashkil qilinmoqda.
Eslatib o`tamiz, so`nggi marta Shahram G`iyosov 23 fevral (Toshkent vaqti bilan 24 fevral) kuni Meksikada mahalliy bokschi Edgar Puertani (25-12-1, 19 KO) beshinchi raundda texnik nokaut evaziga mag`lubiyatga uchratgandi.






