13 noyabr kuni Portugaliya polisiyasi korrupsiya, jinoiy daromadlarni legallashtirish va ishlatib yuborishda gumon qilingan 11 nafar mansabdor shaxsni hibsga oldi. Bu haqda «Evropeyskaya pravda» xabar bermoqda.
Barcha ayblovlar o`ziga to`q xorijiy sarmoyadorlarga «oltin viza» berish bilan bog`liq, deyiladi Expresso xabarida.
Ma`lumot uchun, «oltin viza» Portugaliya hukumati tomonidan 2012 yil yakunida qarz inqirozi vaqtida tuzilgan dastur bo`lib, u Evropa Ittifoqi fuqarolari bo`lmagan, ko`chmas mulkka sarmoya kiritgan shaxslarga vaqtinchalik yashashga ruxsat berishni ko`zda tutadi.
Huquqni muhofaza qilish organlarining qayd etishicha, tergov harakatlari bir necha oydan beri davom etmoqda. Mamlakatning turli qismlarida olib borilayotgan operasiyaga 200 ga yaqin kishi jalb qilingan.
Ma`lum qilinishicha, hibsga olinganlar orasida Adliya vazirligining Bosh kotibi Mariya Antoniya Anes, Ro`yxatdan o`tish va notariat masalalari bo`yicha institut prezidenti Antonio Figeyredo ham bor. Operasiya davomida, shuningdek, Muhojirlik va chegara nazorati xizmati direktori Manuel Jarmel Palos ham qo`lga olingan.
Bosh prokuratura boshqa shaxslar ham hibsga olingani, shuningdek, mamlakatning turli qismlarida 60 ga yaqin kishiga qidiruv e`lon qilinganini tasdiqladi.