Tailandning Pxuket shahrida o`tkazilayotgan Osiyo sohil o`yinlarida mamlakatimiz triatlonchilari delegasiyamiz hisobiga yana bir bronza medalini keltirishdi. Shu tariqa, delegasiyamiz hisobidagi medallar soni 8 taga ( 2ta oltin, 6 ta bronza) etdi va hamyurtlarimiz umumjamoa hisobida 13-o`rinda borishmoqda. Bu haqda O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati xabar beradi.
Aytish joizki, Osiyo sohil o`yinlarida delegasiyamiz hisobiga oltin medallarni milliy kurashimiz bo`yicha bo`lib o`tgan musobaqalarda Davlat Abraev (-73 kg) va Sanjar To`xtashev (-81 kg) keltirishdi. Chorak finalda Yasim Hamedni (Iroq), yarim finalda esa Shang Chuangni (X.Taypeyi) mag`lub etgan Davlat Abraev hal qiluvchi final bellashuvida eronlik Xadi G`adimini engdi. Sanjar To`xtashev esa saralash bellashuvlarida Turkmaniston, Livan va Eron terma jamoasi a`zolarini mag`lubiyatga uchratib, oltin medal uchun kechgan bellashuvda yamanlik Ahmed Ayashdan ustun keldi.
12-13 noyabr kunlari sambo kurashi bo`yicha o`tkazilgan musobaqalarda hamyurtlarimiz Eldor G`ulomov (-100 kg), Shahlo Yo`ldosheva (-52 kg), Shohista Safarova (-64 kg), Viktoriya Ozdaeva (-72 kg) bronza medallari bilan taqdirlanishgan. Yana bir bronza medalini esa sambo kurashi bo`yicha terma jamoamiz mikst musobaqalarida qo`lga kiritgan.
Ayni daqiqalarga kelib 30 davlat vakillariga sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritish nasib etgan. Umumjamoa hisobida mezbon Tailand sportchilari 10 ta oltin, 12 ta kumush va 16 ta bronza medali bilan peshqadamlik qilishmoqda.
Osiyo sohil o`yinlarida O`zbekiston sharafini 32 nafar sportchimiz sambo, sohil futboli, muaytay, kurash, triatlon va zamonaviy beshkurash musobaqalarida himoya qiladilar. Hozirga qadar kurash, sambo, sohil o`yinlari bo`yicha musobaqalar yakuniga etdi. Bugun triatlonchilarimiz bahslarda ishtirok etsalar, muaytay bo`yicha musobaqalar 18-22 noyabr kunlari, zamonaviy beshkurash musobaqalari esa 19-21 noyabr kunlari o`tkaziladi.





