1

Yo ilm, yo o`lim (boshqa yo`l qolmadi)

Mutolaa 27.03.2019, 13:09
Yo ilm, yo o`lim (boshqa yo`l qolmadi)

His-tuyg`ular insonni boshqaradi. Shubhalanyapsizmi? Lekin bu fikrni butkul inkor etishga ham asos yo`q. Ta`m bilishni olaylik. Bola nega shirinliklarni xush ko`radi? Sababi shirin ta`mga odatlangan. Axir, ona suti shirali-ku. Bir vaqtlar undan huzurlanganmiz. Shu bois hayot davomida xuddi shunday (yoki shunga yaqinroq) lazzatni topishga va tuyishga bot-bot intilamiz.

Endi barchamizni o`z ichiga g`arq etgulik darajada kengayib ketgan global media makon haqida gaplashsak. Dunyoda axborot Er yuzidagi 8 milliard aholining kundalik ehtiyoji uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlaridan ham ko`p. Turli ma`lumotlarni har daqiqada, har soniyada qabul qilamiz. Ba`zan tahlil qilib, ba`zan esa, shunchaki bir yamlab yutgan holda. Ammo istalgan axborotni qancha miqdorda emas, balki qanday iste`mol qilish ham muhim. Aks holda, foydadan ko`ra ziyoni ko`proq bo`ladi.

Hozirgi axborot olamimiz tubsiz va sarhadsiz okeanga o`xshaydi. Unda qancha illat, g`urbat, bid`at, yolg`on va tuhmatlar suzib yuribdi. Biroq barchasini ko`rib ilg`ashga, mag`zini chaqib, asl mohiyatini tushunib etishga ojizmiz. Bunday ojizlik nafaqat alohida bir shaxslar yoki guruhlar, balki butun boshli jamiyatlarga ham xos bo`lib bormoqda.

Ochig`i, yurtimiz yoshlarining axborotga munosabati va undan foydalanish madaniyati, hayotiy e`tiqodi, qarashlariyu qadriyatlarini tafakkur chig`irig`idan o`tkazib ko`rilsa, bugun biz ham ojiz jamiyatga aylanayotgandek tasavvur uyg`onadi kishida. Balki, aslida ham shundaydir...

Keling, dastavval har bir shaxs ichki konstitusiyasining o`zagini tashkil qiluvchi hayotiy e`tiqod masalasiga to`xtalaylik. E`tiqod va qadriyat aslida egiz tushunchalar. Ikkisi ham bolalikdan shakllanadi va umr bo`yi insonga hamrohlik qiladi. Ularning bosh manbai esa, oiladagi tarbiyadir.

Lekin tarbiya o`z-o`zidan paydo bo`lib, o`z holicha kechadigan jarayon emas. Unga puxta tayyorgarlik ko`rish kerak. Bunda ota-ona, avvalo, millatning ma`naviy orientirlariga murojaat qiladi (har holda, shunday bo`lmog`i durust demoqchimiz).

O`zbek xalqi uchun ilmu ma`rifat hamisha va har vaqt eng muhim ma`naviy orientir bo`lib kelgan. Evropa hali mudrab yotgan zamonlarda olamshumul kashfiyotlari bilan butun dunyoni uyg`ota olgan, falakiyotdan tortib tibbiyotgacha, huquq va geografiya, hatto hozir mislsiz darajada rivojlangan axborot texnologiyalari sohasining tamal toshini qo`ygan o`nlab buyuk ajdodlarimiz bolalikdan ilmu ma`rifatga intilgani, bilim olishni yuksak, yana bir bor qaytaramiz, yuksak (!) qadriyat deb hisoblagani uchungina daho bo`lib etishdi. Oradan necha asr o`tib ham ularga bo`lgan hurmat-e`tirof zarracha kamaygani yo`q.

Ota-bobolarimizdan qolgan bebaho ilmiy meros hali-hanuz insoniyatni o`ylashga, tahlil qilishga, yangiliklar yaratishga undab kelmoqda. Ushbu xazinaning duru marvaridlarini ko`z qorachig`idek avaylab, tafakkuriga jo aylagan jamiyatlar bundan faqat yutmoqda. Axir, ilmiy salohiyati yuksak mamlakatlar engilmasdir. Ularni na taslim qilish, na qo`lda qo`g`irchoq qilib o`ynatish mumkin.

Xo`sh, o`tmishi buyuk xalq bo`laturib nega bugun biz, dunyo tan olgan Xorazmiy va ibn Sino avlodlari ilm-fanda orqada qoldik? Nega internetda g`iybatlashish, bo`lmag`ur post va xabarlarni o`qib, ularga munosabat bildirish, “Million”chilarning bachkana konsertlarini tomosha qilishga, bir so`z bilan aytganda, o`z saviyamizni tushirishga soatlab vaqt sarflaymiz-u, ammo yilda aqalli bir marotaba kutubxona yoki kitob do`koni ostonasidan hatlamaymiz? Nega dang`illama hovli-joy solishga oshiqamiz-u, biroq ehtiyojimizdan ortib qolayotgan mablag`ni maktab kutubxonasiga xayriya qilgimiz kelmaydi? Nega o`sha qasr-uylarda yigirmata televizor bor-u, ammo yigirmata kitob topilmaydi?!.

Oxiri ko`rinmas yuqoridagi kabi og`riqli savollarga uzil-kesil javob berish juda qiyin (ular hayotiy haqiqat asnosida vujudga kelayotganini anglash esa, undan-da og`ir!). Faqat bir gap xayolda aylanaveradi — o`zingdan so`ra, o`zbegim, o`zingdan!

Fikrni mutolaa mavzusiga burganimiz bejiz emas. Sababi ayni paytda kitobxonlik jamiyatimiz uchun hayot-mamot masalasiga aylangan. Qanchalik andishali xalq bo`lmaylik, bir haqiqatni ro`y-rost aytishga to`g`ri keladi — bugun aksariyat yoshlar ma`naviy orientirlarsiz yashamoqda. Bunday tendensiya kun kelib millatning ko`hna ildizlarini batamom quritib yuborishi tayin. Bunga esa, yo`l qo`yib bo`lmaydi!

— Yoshlarni engil-elpilikka ko`niktirish, axloqsizlik, jirkanchlik va johillikni targ`ib qilish, olijanob his-tuyg`ular hamda go`zallikka intilishiga imkon qoldirmaslik millatning o`z-o`zidan parokanda bo`lishiga olib keladi, — deydi amaliyotchi psixolog Luqmon Kazakov.— Bu texnologiya bashariyatga qadimdan ma`lum. Yangi mingyillikka kelib u axborot urushining asosiy quroliga aylandi. Natijada global media makonda millionlab odamlarni yoppasiga ahmoqlashtirish jarayonini kuzatyapmiz.

Gollivudning jangari filmlarini olaylik. Ular ta`sirida bir necha avlod voyaga etdi. Bunday kinoasarlar hozir ham kassabop. Auditoriyasi esa, asosan bolalar va o`smirlar. Istalgan jangari filmda jismonan baquvvat, lekin sira engilmas qahramon hammaning burnini qonatib yoki odamlarni beayov o`ldirib yuradi. Ekranda hadeb vajohat va zo`ravonlikni ko`ravergach, yosh tomoshabin kuch ishlatishni qadriyat sifatida qabul qila boshlaydi. Deylik, nega bosh qahramon birovga pichoq suqdi, axir, bu yomon-ku, degan fikr uning xayolidan o`tmaydi. Chunki aksariyat bolalar axborotni tahlil qilishga, voqea­hodisalarga tanqidiy munosabat bildirishga odatlanmagan. Aniqrog`i, biz ularni shunday qilib tarbiyalay olmayapmiz.

Bordi-yu, ota-ona farzandiga erta yoshdan kino va hayot boshqa-boshqa narsalar ekanini, birovga ozor etkazish, urish yoki o`ldirish jinoyat sanalishini hamda bu qilmishi uchun inson, albatta, jazolanishini tushuntirsa, bolada salbiy axborotga immunitet shakllanadi. Va kun kelib u sizga bunday filmlarni suratga olishdan maqsad nima, degan savolni berishi muqarrar.

Yana bir gap. Audiovizual vositalar orqali zo`ravonlikni hadeb namoyish etaverish huquqbuzarlik hamda jinoyatchilikning ortishiga sabab bo`ladi. Qonunlarga itoat etmaydigan odamlarni esa, yo`ldan toydirish, aldash va adashtirish juda oson. Boshqacha aytganda, hozirgi media makondagi dezinformasiya (yolg`on va noxolis axborotlar oqimining kengayishi) ijtimoiy dezorientasiya, ya`ni jamiyat uchun odatiy va normal tasavvurlarning izdan chiqishiga olib kelmoqda. Keyingi vaqtda yoshlarimiz fe`l-atvorida agressiya, johillik, suisidal kayfiyat tobora yaqqol ko`zga tashlanayotganini mana shu jihat bilan izohlash mumkin.

Ayanchlisi, saviyasizlik va bachkanalik nainki media makon, hatto san`atimizga ham singib boryapti.

Bir necha o`n yilliklar avval G`arbda g`alati bir tendensiya vujudga kelgandi — san`atkorning mashhurlik darajasi iste`dodi bilan emas, balki tashqi qiyofasi yoki xatti-harakatidagi g`ayritabiiylikdan kelib chiqib belgilangan. Aytaylik, qaysidir xonanda konsertda gitarasini sindirishi mumkin, birov qulog`i yoki burnini teshib olgan, boshqasi badaniga tatuirovka chizdirgan va hokazo. Bu narsalar psixologik nuqtai nazardan anormal holat, ya`ni axloq me`yorlaridan og`ish hisob­lanadi. Lekin hamma gap shundaki, o`ziga erk bergan “san`atkor”lar ko`paygani sayin omma va birinchi navbatda, yoshlar axloqsizlikni norma sifatida qabul qila boshlaydi. Muammo yana o`sha-o`sha — o`zini muxlis deya atayotganlarda tahlil qilish, chuqur mushohada yuritishga ko`nikma ham, istak ham yo`q. Ularni musiqaning so`zu ohangidan ko`ra shovqin-suroni ko`proq qiziqtiradi. Bugungi o`zbek estradasini arzon-garov qo`shiqlari bilan bulg`ayotgan “xonanda”larning bozori nega bunchalik chaqqon ekanini endi anglayotgandirsiz.

— Nazarimda, zamonaviy dunyoga senzura kerak, — ta`kidlaydi L.Kazakov. — So`z va ijod erkinligini bo`g`ish ma`nosida emas, balki san`at, adabiyot hamda qalb tarbiyasiga bevosita aloqador boshqa sohalarda axloqsizlikka yo`l qo`ymaslik uchun ham cheklash mexanizmini ishga solish zarur. Lekin ma`naviy qashshoqlikka qarshi kurashishda senzura faqat 30 foiz samara beradi. Qolgan 70 foizi sizda go`zallik hissi nechog`liq shakllangani bilan bog`liq. Bunga esa, mutolaasiz erishish mumkin emas. Ilmning bosh manbai, shubhasiz, kitobdir.

Ilgari hayotimizda internet yo`q edi. Telekanallar sanoqli bo`lgan. Ko`rsatuvlar ham. O`shanda odamlar kitobni ko`proq qo`lga olardi. Bundan tashqari, dunyoqarashini kengaytirish, ma`naviyatini yuksaltirish maqsadida teatr va muzeylarga borgan. Mana shu yo`sinda biz faqat axborot emas, balki bilim olishga intilardik.

Hozir axborot oqimini to`xtatib bo`lmaydi. Televidenie ko`ngilochar kanallar bilan liq to`la. Past saviyali musiqa, yumor, kino va multfilmlarga ko`milib ketyapmiz. Oqimga qarshi suzish befoyda. Boshqacha yo`l tutmoq zarur — o`g`il-qizlarni bog`chadanoq mutolaaga qiziqtirib, yaxshi asarlarni tanlab o`qishiga ko`maklashsak, jamiyatni ko`p illatlardan tozalagan bo`lamiz.

6-7 yoshlarda bolada tasavvur ko`nikmalari shakllanadi. Mazkur bosqichda unga axloq nimaligini tushuntirib borish lozim. 11-12 yosh insonning axborotni tahlil qilib, ma`nosini chaqishga harakat qiladigan payti. Mana shu jarayonda bola ko`rayotgan filmi, eshitayotgan musiqasi yoki o`qigan kitobini ota-onasi va ustozlari ishtirokida muhokama etsa, u asta-sekin tahliliy fikrlashga o`rganadi.

Yoshlarga kitob o`qitibgina millatni ma`naviy halokatdan asrash mumkinligini sosiolog Komil Kalonov ham biz bilan suhbat davomida qayta-qayta ta`kidladi.

— Har o`quv yili boshida auditoriyaga darsga kirgan talabalar shu kungacha nechta kitob o`qigani bilan qiziqaman, — deydi O`zbekiston Milliy universiteti sosiologiya kafedrasi mudiri K.Kalonov. — Ishonasizmi, o`nta kitob o`qiganman, deganlari bir yoki ikkita topiladi, xolos. Mazkur holat biz, sosiologlarda jamiyat kelajagi haqida jiddiy tashvish uyg`otmoqda.

Xo`sh, muammoning ildizi qaerda? Nahotki, hali ham o`tish davridamiz?

—Kinoyangizni tushundim (istehzoli kuladi). O`tish davri ko`pi bilan uch yil davom etishi mumkin. Uch yil! Biz esa, o`ttiz yildan buyon o`tish davri, deb o`zimizni ovutib yuribmiz. Yo`q, o`rtoq jurnalist, muammoning ildizlari boshqa yoqda.

Mening kuzatishlarim bo`yicha biz jamiyat rivoji uchun muhim bo`lgan jabhalar, avvalo, ta`lim sohasida vorisiylikni saqlab qololmadik. Yurtimizda birdaniga hamma narsadan voz kechish tamoyili asosida islohotlar olib borildi. Maktab ta`limini olaylik. Sosiologiya fanining otasi, buyuk nemis olimi Maks Veber fanga “ideal byurokratiya” degan nazariyani kiritgan. U shu nomli asarida: “Byurokratiya ideal bo`lishi kerak. Byurokratiya ideallikdan o`tdimi, hamma narsani orqaga tortadi”, — deb yozadi. Bizda ikkinchi holat yuz berdi. Chunki o`z vaqtida ideal byurokratiyani noto`g`ri talqin qildik. Natijada o`qituvchi qog`ozga ko`mib qo`yildi. darsni sifatli o`tish emas, tekshiruvlardan “omon qolish” haqida o`ylaydigan bo`ldi.

To`g`ri, hozir ba`zi xatolar tushunib etilgan. Lekin ularni tuzatishga ham ancha-muncha vaqt kerak.

Ikkinchi muammo, ongimizda parazitlik qilayotgan stereotiplar bilan bog`liq. Bir misol keltiraman. “Ommaviy madaniyat” deya hamma yoqqa ayyuhannos solyapmiz. To`g`ri, bu bor narsa. Ammo negadir jamiyatimiz “ommaviy madaniyat” faqat g`arbdan kirib keladi, deb o`ylaydi. Mana shunday fikrlashning o`zi stereotip. Televideniemiz hind film va seriallarini ko`rsatgani-ko`rsatgan. vaholanki, ular ham ommaviy madaniyat!

Nega?

— E`tibor bering, hind kinolarining barchasi bir xil syujet va echimga ega. Film nima bilan yakunlanishini oldindan bilib turasiz. Inson baxt­li bo`lishi kerak! Hind kinoijodkorlari bu g`oyani tomoshabin ongiga tinimsiz singdirishga harakat qiladi. Sababi tushunarli. Hindistonda 1,5 milliard aholi bor. Shundan 400 millioni savodsiz va qashshoq. Tasavvur qilyapsizmi, 400 million-a! Bu AQShga o`xshagan katta bir davlat yoki salkam butun Evropa qit`asi degani. O`sha savodsiz va qashshoq omma uchun faqat bitta obrazni yaratish mumkin. Bu — baxtli hayot obrazi. Bejiz emaski, hindlar o`zini dunyodagi eng baxtiyor xalq, deb hisoblaydi. Boisi inson qanchalik nochor yashasa, o`zini shunchalik baxtli his qiladi. Qanchalik boy va ilmli bo`lsa, shunchalik baxtsizdir. Chunki hamma narsaga aqli etadi-da. Bunday odamlar ko`ngil xotirjamligiga erishishi juda qiyin.

Unda nega hind filmlari va seriallari O`zbekistonda sevib tomosha qilinadi? Biz qashshoq emas-ku!

— Biz ma`nan qashshoqlashyapmiz. hamma gap shunda. Aksariyat yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar milliy qadriyatlarimizni o`rganish o`rniga o`zga millatlar madaniyatiga ko`r-ko`rona ergashib ketmoqda. Oqibatda ma`naviyat boy berilyapti. bu dahshatli narsa!

Nima qilish kerak?

— To`g`ri savol. Yoshlar mutolaaga qaytmaguncha hech narsa o`zgarmaydi. Kitob o`qimagan omma televizorga yopishadi. U erda esa, sayoz film, serial va ko`rsatuvlar namoyish etilmoqda. Saviyasiz media mahsulotlarni qayta-qayta iste`mol qilavergan inson, tabiiyki, ma`nan qashshoqlasha boshlaydi.

Meni qiynayotgan yana bitta og`riqli masala bor: nega umumta`lim maktablarini har yili 650-700 ming nafar yigit-qiz tamomlaydi-yu, ammo ularning bor-yo`g`i 10 foiziga oliy o`quv yurtlariga kirish imkoniyati yaratilgan? Bu haqda yurtimiz sosiologlari salkam o`n yildan buyon bong urib kelmoqda. Axir, o`qishni davom ettira olmagan 600 ming qorako`z turmush tashvish­lariga o`ralib, ilmdan yiroqlashishi tayin-ku.

Kutubxonalarimiz oziq-ovqat do`konlaridek serob bo`lsa ham mayli edi...

— Haq gap. Bolalik paytimda mahallalar hamda ko`p qavatli uylar orasida ixchamgina kutubxonalar bo`lardi. Hamma kirmasa ham, harqalay, qiroat zallari bo`sh qolmasdi. Endi esa, o`zimizni internetga urganmiz. Xo`sh, nima naf ko`ryapmiz bundan?! Hech qanaqa! Internetda safsata sotish evaziga bizda olomon psixologiyasi shakllanib bo`ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda yuzaki gap-so`zlardan nariga o`tolmayapmiz. Jiddiy, fakt va dalillar asosida bahs-munozara yuritishni bilmaymiz. Chunki ilm etarli emas.

Jamiyatda tirnoq tagidan kir qidirishdek bemaza illat paydo bo`lgan. Ayb to`qishga usta bo`lib qoldik — talabalar o`qituvchilarni savodsizlikda ayblaydi, ko`chaga chiqsangiz, odamlar bir-birini do`zaxiylikda ayblaydi... Millatni ma`naviy tanazzuldan qutqarishning yo`li bitta — yoshlarda ilmni kuchaytirish zarur. boshqa echim yo`q!

Yoshlarimiz kitobxon bo`lishini hamma xohlayapti. Lekin birgina istak bilan maqsadga erishish dargumon. Siz nimani taklif qilasiz?

— Amerikalik sosiolog Deniel Bell o`zining “Postindustrial jamiyat” nomli asarida: “XXI asrda o`qish-yozishni biladigan aqlli odamlar ko`p bo`ladi, lekin donishmand odamlar juda kam uchraydi”, — deb yozgan. Olimning bashorati to`g`ri bo`lib chiqdi. Donishmand bu — kitob o`qigan odam. Bil`aks, oddiy ko`zoynak yoki bashang kiyim-bosh ham sizni aqlli qilib ko`rsata oladi.

Savolingizga kelsak, men maktabdagi o`qituvchimning tajribasini qo`llashni taklif qilaman. Yozgi ta`tilda har bir o`quvchiga yigirmata badiiy asarni o`qishni majburiy qilib qo`yish kerak. Lekin kitoblarni muallimning o`zi saralab bersin. Shu tamoyilga so`zsiz amal qilaylik, mana ko`rasiz, farzand­larimiz kitobga umrbod mehr qo`yadi.

Xuddi shunday oliy ta`limda ham. Evropadagi aksariyat universitetlarning kafedra o`qituvchilariga, avvalo, o`z faniga oid yuzta tayanch manbani o`qib chiqish topshiriladi. Aks holda, u dars berishga haqli emas. Nega biz shu ishni qilolmaymiz? Talaba oliygohni bitirguncha yuzta kitobni o`qib chiqsin, bo`ldi, yuz birinchisini o`zi yozadi.

Nargiza UMAROVA

(Material Yoshlar media markazining

kichik grantlar tanlovi doirasida tayyorlangan)

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1