AsosiyJamiyat

Baxshilar sarvari

'Baxshilar sarvari'ning rasmi

O`zbek xalqining dostonchilik san`ati jahon xalqlari og`zaki badiiyati chamanida o`z nufuzi, mavqeiga ega bo`lgan betakror so`z san`atidir. Bunday sharafga erishishda atoqli shoir Ergash Jumanbulbul o`g`lining qo`shgan ulushi beqiyos. “O`zbekiston” NMIU tomonidan ana shunday zo`r iste`dod egasining murakkab kechgan hayot yo`li va yorqin ijodiga bag`ishlangan O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, folklorshunos Rahim Qodir qalamiga mansub “Baxshilar sarvari” nomli kitob nashr etildi. Bu haqda “O`zbekiston” nashriyoti matbaa-ijodiy uyi martuot xizmati xabar berdi.

Xayolot dunyosi keng, xotirlash qobiliyati kuchli, hayratomuz xislatli so`z san`atkorining umri qiyinchiliklarda o`tdi. Ammo shoir o`zida kuchli iroda topib, g`am-qayg`ularni mardonavor engib, shuurida saqlagan buyuk ajdodlarning nodir dostonlarini noyob qobiliyati, ulkan shoirlik mahorati va yuksak ma`naviy salohiyati bois kelajak avlodga abadiy meros qoldirdi. O`zbek folklorshunosligining asoschisi Hodi Zarif o`z ilmiy maqolalarida “Ergash shoir kuylagan dostonlar o`zining g`oyaviy-badiiy yuksakligi bilan ko`zga tashlanib turadi. Bu dostonlardagi ijobiy qahramonlar va personajlarning xulqi, odobi, axloqi, insonga munosabati, faqat mehnatkash xalqqa xos fazilatlari kishini o`ziga jalb etadi. Ergash shoir dostonlarimizdagi xalqchillikni yana ham badiiy yuksaklikka ko`tarilishida, obrazlarni xarakterli detallar bilan boyitishda, portretlar chizish, tabiiy manzaralar, etnografik faktorlarni jonli va hayotiy tasvirlashda, xalqning til boyligini, folklorning go`zal va badiiy vositalarini dostonda mumkin qadar to`la va keng singdirishda barcha xalq shoirlarimizdan ustun turadi. Undagi quvvai hofizaning kuchliligi kishini hayratga soladi. U o`zbek tilidagi biror she`riy asarni ishtiyoq bilan bir marotaba o`qib chiqsa, boshdan-oyoq esida qolar edi. Shoir bir necha yuz ming satrni tashkil etgan o`nlab dostonlarni yod bilgan ”, deb yozgan edi.

Sakkiz yoshda bo`lib bolalarga sarvar,

Bariga o`rgatib, ham bo`lib rahbar...

O`n ikkimda bo`ldim bir mullabacha,

Havas qilib meni ko`rsa bir necha,

Ilmga xizmat qip kunduz ham kecha,

Saboqlarni takror qilgan kunlarim,

deb yozadi shoir o`zining “Tarjimai hol” dostonida. U an`anaviy dostonlarning eng yaxshisini ulkan baxshilardan mehr-muhabbat, o`tkir zehn bilan eshitib yod olgan bo`lsa, o`rgangan dostonlarining badiiy puxta-pishiqligi uchun cheksiz ixlos, jo`shqin ilhom bilan qayta ishlab, go`zal va betakror asarga aylantirib bergan ijodkordir. O`zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov “O`zbek folklorining Navoiysi – Ergash Jumanbulbul o`g`li”, deb bejizga ta`riflamagan.

Baxshi ijro etgan “Go`ro`g`li” turkumiga kiruvchi “Ravshan”, “Qunduz bilan Yulduz”, “Xoldorxon”, “Yakka Ahmad”, “Dalli”, “Kuntug`mish” kabi dostonlarda qadim ajdodlar va zamonaviy til shunday omuxtalashtirilganki, unda soddalik bilan badiiy tasvirlar benihoyat go`zal uyg`unlashib, o`zbek tilining rango-rangligidan, jozibalaridan qalbda ona tilimizga bo`lgan muhabbat tuyg`ularini kuchaytirib yuboradi.

Ergash shoir juda og`ir davrda yashab o`tdi. Uning umri deyarli Buxoro amirligining erksiz, razolat, xurofot hukm surgan yillarida, keksaligi, ya`ni o`n etti yilini sho`rolar tuzumi boshlangan og`ir yillarda o`tkazdi. Alg`ov-dalg`ov notinch zamonning bo`g`iq havosidan nafas olib yashagan bo`lsa-da, umid, ishonch bilan istiqbolli kelajakka, go`zallikka, ezgulikka intilib, xalq ma`naviyati shuuridan yaralgan noyob dostonlarni qalbida ardoqlab, madaniyatimiz xazinasini boyitish uchun butun ongli hayotini sarf etdi. Xayoli keng, fantaziyasi kuchli, tili boy, ko`p baxshilarimizdan ko`ra ilmliroq, G`afur G`ulom ta`rifi bilan aytganda “siyrak uchraydigan tabiiy talant egasi, gavharnamo bir shoir edi”, u.

Kitobda baxshilar sarvari, sultoni Ergash Jumanbulbul o`g`lining hayoti va ijodi to`g`risida zamondoshlarining xotiralari jamlanmasi o`rin olgan. Shoirni ko`rgan, yaqindan bilgan qavm-qarindoshlari, yurtdoshlari, shogirdlarining esdaliklarini o`qir ekansiz, o`sha zamonning voqeliklari, Ergash Jumanbulbul o`g`lining siymosi va u yashagan davr manzaralari ko`z oldingizda jonlanadi. Shuningdek, o`zbek dostonchilik poetik maktabi, uning vakillari – baxshi-shoirlarning mashaqqatli hayoti, o`zbek folklorshunoslik fani vujudga kelayotgan dastlabki yillarning qiyinchiliklari, o`sha davr muhiti bevosita buyuk shoir taqdiri bilan bog`liq holda aks ettirilgan.

“Baxshilar sarvari” folklorimiz va adabiyotimiz ixlosmandlari e`tiborini qozonadi va ko`ngil mulkiga aylanadi, deb ishonamiz. Zero, millatni ulug`lagan, ulug`vor g`oyalarni qadrlab, ilgari surgan, insonlar qalbida go`zal tuyg`ular, xislatlarga muhabbat uyg`otgan ulug` shoir xalqimiz xotirasida hamisha barhayotdir.

    Boshqa yangiliklar